Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2018 09:10 Chop etish versiyasi

Ogohlikka chorlovchi film

Yoshlarni jinoyatlardan, turli illatlardan himoyalash, ularni azaliy qadriyatlarimizga, oilaga, kattalarga hurmat, halollik, shukronalik ruhida tarbiyalash bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Poytaxtimizda suratga olish jarayonlari boshlangan “SCORPION” filmida ayni mavzu asosiy g‘oyani tashkil etadi.

Joriy yilning 12-fevralida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Kinematografiyani rivojlantirish markazining yosh kinoijodkorlarning yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan badiiy filmlarini suratga olish va keng namoyishini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shma qarori qabul qilingandi.

“SCORPION” filmi bu boradagi amaliy ishlarning debochasi deyish mumkin.

Kinematografiyani rivojlantirish markazi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, filmning suratga olish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi ko‘magida Toshkent va Buxoro shaharlarida, shuningdek, Rossiya va Marokash davlatlarida bo‘lib o‘tadi.

Film ijodiy guruhi tarkibida ko‘plab xorijlik mutaxassislar ham ishtirok etmoqda. Jumladan, film operatori germaniyalik ijodkor Maks Tsui bo‘lib, u Buxoro haqidagi imijli video-rolik “Welcome to Bukhara”da ham film rejissyori Muxlisa Azizova bilan hamkorlik qilgan. Kartina prodyuseri Oybek Abdushukurov. “SCORPION” filmi yosh rejissyor Muxlisa Azizovaning to‘liq metrajli dastlabki ijodiy ishidir.

Nazokat Usmonova, O‘zA
4 384