Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.10.2017 16:59 Chop etish versiyasi

Namanganda Janubiy Koreya festivali

Namanganda Janubiy Koreya festivali Namanganda O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi hamda mamlakatimizda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashay boshlaganining 80 yilligi munosabati bilan “Koreya festivali – 2017” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ta’lim va madaniyat muassasalari, milliy madaniy markazlar vakillari, talaba va o‘quvchilar, yosh ijodkorlar, rangtasvir ustalari ishtirok etdi.

Festival Namangan shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazida iste’dodli yoshlarning “O‘zbekiston va Koreya do‘stligi” mavzusidagi rasm chizish tanlovi bilan boshlandi. Unda shahardagi bir qator umumta’lim va bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari mavzuga doir surat chizish bo‘yicha ijodiy qobiliyatini namoyish etdi.

Namanganda Janubiy Koreya festivali

– Turli tadbir va tanlovlarda o‘quvchilarning tasviriy san’at bo‘yicha ijodiy mashqlari ko‘rgazmasi ko‘p tashkil etilgan, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Namangan badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Erkin Azizov. – Biroq, aynan bugungiday tadbirning o‘zida surat chizish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlar yosh iste’dodlarga o‘z qobiliyatini har tomonlama namoyon etish imkonini beradi. Bu yerda mavzu bo‘yicha chuqur fikrlash, kompozitsiyani pishitib olish, xotirjam ishlash uchun yetarlicha vaqt bo‘lmaydi. Mazkur tanlov o‘g‘il-qizlar orasida bunday qobiliyatga ega iste’dodlar borligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, Sergey Qurbonov, Sevara Isayeva, Diyora Karimboyeva, Anastasiya Shegay, Karamina Babinova, Said To‘xtasinov singari o‘quvchilarning mavzuga ijodiy yondoshish borasidagi intilishlari alohida e’tirof etildi.

Tanlov g‘olib va sovrindorlariga Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U diplom va esdalik sovg‘alari topshirdi.

Viloyat musiqali drama teatrida Janubiy Koreyaning “Last For One B-boy” guruhi va “Koryo” ansambli ijrosidagi koreys milliy va zamonaviy musiqa va raqslaridan tuzilgan konsert dasturi, koreys kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan badiiy filmlar namoyish etildi.

– Men birinchi shunday tadbirni Namanganda o‘tkazayotganimizdan g‘oyat mamnunman, – deydi Kvon Yon U. – O‘zbek va koreys xalqlari madaniyati o‘xshash. Mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi fazilatlar xalqlarimizni o‘zaro yaqinlashtiruvchi omillardir. Bugun O‘zbekistonda bizning vatandoshlarimiz o‘zbeklar bilan do‘st-birodar, shu yurtning teng huquqli fuqarosi sifatida emin-erkin yashamoqda. Mazkur festivalda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, ma’naviy yaqinlik yana bir bor o‘zining yorqin ifodasini topdi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
2 675






Все о погоде - Pogoda.uz