Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.10.2017 15:31 Chop etish versiyasi

Muzeylar – madaniyatimiz xazinasi

Milliy matbuot markazida "Muzeylar – boy tariximiz va betakror madaniyatimiz xazinasi” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Madaniyat vazirining o‘rinbosari K.Oqilova va boshqalar yoshlar ma’naviyati, bilimi va tafakkurini, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘si va nufuzini yuksaltirishda muzeylar g‘oyat katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Mamlakatimizda muzeylar to‘g‘risida qabul qilingan qonun hujjatlari mazkur ma’rifat maskanlarining moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash, ularning faoliyatini davr ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yish, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarni muzeylarga tobora kengroq jalb etish imkonini bermoqda. O‘quvchi-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar natijasida haftaning seshanba va juma kunlari bolalar o‘z ota-onalari yoki ularga hamrohlik etuvchi shaxslar bilan birga muzeylarni bepul tomosha qilishi mumkin.

Yurtimizda muzeylarning samarali faoliyat ko‘rsatishi, ularda saqlanayotgan nodir ashyolarni muhofazalash, ilmiy-ma’rifiy faoliyat ko‘lamini kengaytirish, mutaxassislarning kasb malakasini oshirish yuzasidan tizimli ishlar bajarilmoqda. Joriy yil I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi nodir eksponatlaridan iborat ko‘rgazmaning Moskva shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgani yurtimiz muzeylariga xalqaro miqyosda e’tibor va qiziqishning nechog‘li katta ekanini yana bir karra ko‘rsatdi.

Anjumanda muzeyshunoslikka oid ta’limni tubdan takomillashtirish, kadrlarning bilim va mahoratini yuksaltirish, ashyolarni saqlashda ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, yosh avlodni muzeylarga jalb etishga oid ma’rifiy loyihalarni kengaytirish to‘g‘risida fikr almashildi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga vazirlik mutasaddilari javob qaytardi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
3 194






Все о погоде - Pogoda.uz