Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.12.2017 15:29 Chop etish versiyasi

Murakkab davrning matonatli shaxsi

Murakkab davrning matonatli shaxsi Toshkent Fotosuratlar uyida ochilgan buyuk davlat va jamoat arbobi, xalq sevgan adib Sharof Rashidovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma shunday nomlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27-martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada faxriylar, akademiklar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, adibning yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

6 (1).JPG

Ko‘rgazmada ta’kidlanganidek, Sh.Rashidov davlat arbobi sifatida bir umr xalq manfaati yo‘lida fidokorona mehnat qildi. Uning sa’y-harakatlari bilan Mirzacho‘l, Qarshi, Yozyovon, Sherobod cho‘llari o‘zlashtirilgan, O‘zbekiston xaritasida Navoiy, Zarafshon, Guliston, Yangiyer shaharlari paydo bo‘lgan. U yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.

9.JPG

Sh.Rashidov iste’dodli yozuvchi va mohir tarjimon sifatida ham o‘zidan boy meros qoldirgan. Uning «Ikki dil dostoni», «Kashmir qo‘shig‘i», «Dil amri», «Bo‘rondan kuchli», «G‘oliblar», «Qudratli to‘lqin» kabi asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib joy olgan.

Sharof Rashidovning rasmiy uchrashuv va anjumanlarda, oilasi, keng omma va do‘st-birodarlari davrasida o‘tkazgan onlari, sermazmun hayoti va faoliyatini aks ettirgan fotosuratlar ko‘rgazma bilan tanishayotganlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Gulnoza Boboyeva, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
7 010