Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2017 15:27 Chop etish versiyasi

Mo‘yqalamda ayol falsafasi

Mo‘yqalamda ayol falsafasi Poytaxtimizdagi “Autograph” san’at galereyasida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan rassom Sanjar Jabborovning “Ayol sehri” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

“Dinara&Co” nashriyot uyi tomonidan tashkil etilgan tadbirda san’atshunos olimlar, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, rassomlar va tasviriy san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar mamlakatimizda tasviriy san’at rivojiga qaratilayotgan e’tibor musavvirlarning ijodiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Iqtidorli musavvir S.Jabborov shaxsiy ko‘rgazmasini go‘zal va dilbar ayollarimizga bag‘ishlagan. Uning shu kunga qadar “Notanish”, “Soya va nur”, “O‘rta Osiyo ajoyiboti” deb nomlangan asarlar to‘plami mamlakatimiz va xorijda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.

Ko‘rgazmada ekspozitsiyaga qo‘yilgan chizmalar yosh ijodkorning oldingi ishlaridan ranglar yorqinligi hamda ular xolst va akrilga moyli bo‘yoq bilan sehrli realizm uslubida chizilganligi bilan ajralib turadi.

– Musavvirning ijodida ayollar obrazi asosiy o‘rinda turadi, – deydi rassom Diyor Roziqov. – Bugun namoyishga qo‘yilgan “Tikuvchi”, “Balerina”, “Shlyapalik xonim”, “Ikki dugona” kabi ayollar holati aks ettirilgan asarlari shu an’anaviylikka asoslangan. Sharq miniatyura san’ati texnikalari bilan qorishiqlikda chizilgan asarlarda Sharq va G‘arbning nozik uyg‘unligini ham ko‘rish mumkin.

Ekspozitsiyadagi ayollar talqini va ruhiy olamining o‘ziga xos va betakror ifodasi har bir muxlisni fikr-o‘yga, falsafiy fikrlashga undamoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
2 849






Все о погоде - Pogoda.uz