Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 20:45 Chop etish versiyasi

Milliy raqs – ma’naviyatimizning ajralmas qismi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan "Milliy raqs san’atining rivojlanish tarixi, dolzarb masalalari va zamonaviy konsepsiyalari" mavzuida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev, "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi direktori vazifasini bajaruvchi A.Haydarov, "O‘zbekiston" ashula va raqs ansambli badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti Q.Mo‘minov, O‘zbekiston xalq artisti G.Matyoqubova va boshqalar istiqlol yillarida milliy san’atimizning barcha turlarini jadal ravnaq toptirish, uning boy an’ana va maktablarini asrab-avaylash masalasiga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 15-fevraldagi "Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi hamda "O‘zbekraqs" milliy raqs birlashmasi negizida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tashkil etilib, uning tarkibida yangi bo‘lim – Raqs va xoreografiya san’ati faoliyatini rivojlantirish va tashkil etish bo‘limi tuzildi.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi raqs ansambllarida 600 dan ortiq san’atkor ijod qilmoqda. Ayni paytda qator teatr jamoalarida ham raqs va balet truppalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvida milliy ma’naviyatimiz, san’atimizga daxldor qator dolzarb vazifalar qayd etilgani ijodkorlarni yanada faol, izlanuvchan, tashabbuskor bo‘lishga da’vat etmoqda. Shu bilan birga sohaga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari raqs san’atini rivojlantirishga oid takliflar ishlab chiqish, eng ilg‘or va ijobiy tajribalarni ommalashtirishda yangi istiqbollarni ochmoqda.

Milliy raqs san’atimizning eng yaxshi an’ana va maktablari, yutuqlari xalqimizning mo‘tabar bayramlariga bag‘ishlangan konsert dasturlarida, "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, ijodiy ko‘rik-tanlovlar, loyihalarda, xorijda O‘zbekiston madaniyati va san’atiga bag‘ishlangan tadbirlarda, xalqaro ko‘rgazmalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh iste’dod sohiblari uchun ta’sis etgan "Nihol" mukofoti sovrindorlari safida ham milliy raqs bo‘yicha izlanayotgan yigit-qizlarning borligi soha rivojiga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibordan darak beradi.

– Har bir millatning qiyofasi, yuzi uning raqs san’atida ham yaqqol namoyon bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Qizlarxon Do‘stmuhamedova. – O‘zbek raqs san’ati milliy joziba, or-nomus, hayo, andisha, betakror nafosatga asoslanadi. Liboslar, xatti-harakatning musiqaga uyg‘un bo‘lishi, kuy mazmunini ochib berish, milliy ruhni saqlagan holda milliy g‘ururni yuksaltirish raqqosa zimmasidagi katta mas’uliyatdir. Bunda yurtimizda qadimdan shakllangan an’analar, ustozlar bisotidagi o‘gitlar, boy va betakror milliy raqs maktabi bitmas-tuganmas ilhom va ijod manbai bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Milliy raqs san’atining rivojlanish tendensiyalari, musiqa va raqsning qadimiy ildizlari, raqs jamoalari va ularning faoliyati tahlili, milliy raqs san’atini rivojlantirishning zamonaviy konsepsiyalari, "ommaviy madaniyat" va raqs san’ati kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 366






Все о погоде - Pogoda.uz