Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 17:53 Chop etish versiyasi

Toshkentda “Men bilgan dunyo” deb nomlangan xayriya ko‘rgazmasi ochildi

Madina Umarova aktyorlikka qiziqadi. U kelajakda turli rollar ijro etib, muxlislar e’tiborini qozonmoqchi. Orzulari bir olam bu qiz hozir Shayxontohur tumanidagi 37-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf o‘quvchisi. Sportning gimnastrada turi bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan Madina Vataniga, ota-onasi va yaqinlariga bo‘lgan mehrini suratlarda ifodalashni xush ko‘radi.

– Tasavvurimdagi tasvirni yorqin ranglarda aks ettirishga harakat qilaman, – deydi u. – Bugun namoyish etilayotgan ishimda bu namoyon bo‘lgan. Tengdoshlarim chizgan suratlarni tomosha qilib, ularning rangin dunyosi naqadar hayratli, go‘zal va qiziqarli ekaniga shohid bo‘ldim.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida 2-aprel – Butunjahon autizm to‘g‘risida ma’lumot tarqatish kuniga bag‘ishlangan “Men bilgan dunyo” xayriya ko‘rgazmasining ochilishida o‘zining tabiat, fasllar, yashil dunyo haqidagi chizmalarini havola etgan har bir murg‘ak qalb shunday hayrat va quvonchni tuydi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi va “Star Kids International” boshlang‘ich ta’lim muassasasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda rassomlar, tasviriy san’at ixlosmandlari, o‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi direktori F.Usmonov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va salomatligini muhofaza qilishga e’tibor, xususan, bunda imkoniyati cheklangan bolalarni ilk yoshdan ta’limga tayyorlash, tibbiy, psixologik va pedagogik yordamni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatish, ularga g‘amxo‘rlik qilish hamda qo‘llab-quvvatlash ijobiy samara berayotgani xususida so‘z yuritdi.

– Bolalar hayotimiz mazmuni, ularga mehr berish bizning burchimizdir, – deydi “Star Kids International” boshlang‘ich ta’lim muassasasi rahbari G.Omonova. – Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, ta’lim-tarbiya natijasi va ular dunyosi bilan tanishtirish maqsadida ushbu tadbirni tashkil etdik. Autizmga chalingan bolalar chizgan suratlar, yasagan qo‘g‘irchoqlar, tikuvchilik namunalaridan ko‘rish mumkinki, bu ularga berilayotgan har tomonlama ko‘makning amaliy va ijobiy natijasidir.

Ko‘rgazmada Shayxontohur tumanidagi 37-, Yashnobod tumanidagi 52-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o‘quvchilarining oltmishdan ortiq ishi namoyish qilinayotir.

– O‘g‘lim Alan Yashnobod tumanidagi 52-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 5-sinfida o‘qiydi, – deydi tadbir ishtirokchisi Z.Sobirova. – Bu yerda ular uchun barcha sharoit mavjud. Ta’lim-tarbiya va muntazam tibbiy nazorat samarasida o‘g‘limda yaxshi o‘zgarishlarni sezdim. U gapirishga qiynalsa-da, ko‘rgazma uchun chizgan bahor tasviri, yashillik va kamalakni tasvirlashda bu holat hech sezilmadi. Bundan tashqari, Alan komputerda o‘yinlar o‘ynash, suzish bilan shug‘ullanishga juda qiziqadi.

Ekspozitsiyadan o‘quvchilar yaratgan qo‘g‘irchoqlar, yostiqchalar, bezaklar, esdalik sovg‘alar ham joy olgan.

Tadbirda tashkilotchilar tomonidan o‘quvchilarga sovg‘alar ulashildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
559






Все о погоде - Pogoda.uz