O‘zA O`zbek

01.03.2018 17:55 Chop etish versiyasi

Mehr va sadoqat timsoliga ehtirom

Mehr va sadoqat timsoliga ehtirom Zulfiya – baxt va bahor kuychisi, mehr va sadoqat, fidoyilik timsoli. Yurtimizda xalqimizning ardoqli shoirasi kitoblari kirib bormagan xonadonni topish qiyin. Har yili bahorning ilk kunida atoqli jamoat arbobi, jurnalist va shoira, xalqimiz suyukli farzandining tavallud ayyomi keng nishonlanadi.

1-mart kuni poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni erta tongdan anvoyi gullar, she’riy to‘plamlar, kitob tutgan yoshlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, keng jamoatchilik vakillari bilan gavjum bo‘ldi. O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludining 103 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbirga shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, adabiyot muxlislari taklif etildi.

24.JPG

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu maskan yanada ko‘rkam, obod, so‘lim qiyofa kasb etmoqda. Bu yerda Zulfiya va Hamid Olimjon haykali o‘rnatilgani xiyobonda betakror adabiy muhit yuzaga kelishida, u she’riyat ixlosmandlari talpinadigan ajoyib go‘shaga, o‘ziga xos ziyoratgohga aylanishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.Najmutdinova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, shoiraning kelini R.Olimjonova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining bastakorlik va cholg‘ulashtirish kafedrasi mudiri, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi O.Abdullayeva va boshqalar yurtimizda milliy adabiyot, san’at va madaniyatimiz ravnaqi yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda so‘z san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlar mehnatini qadrlash, ustoz shoir va yozuvchilarning xotirasini e’zozlash, ularning asarlari mazmunini keng targ‘ib etish bo‘yicha ko‘plab amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

9.JPG

Xalqimiz Zulfiyani Vatan, tabiat, munis ayollarni sodda va samimiy, g‘oyat ta’sirchan tarannum etgan shoira sifatida hamisha ardoqlaydi. Uning otashin satrlari tabarruk diyorimizni, tinch va osoyishta, farovon va baxtiyor hayotimizni, musaffo osmonimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga, odamlarni bir-birini qadrlashga chorlaydi.

Yurtimizda 1999-yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgani shoira xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiga ulkan ehtiromning ifodasi bo‘ldi. Ayni paytda ushbu mukofot yurtimizda xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi faolligiga hurmat namunasiga, iqtidorli qizlarni yangi-yangi marralarga chorlovchi omilga aylangani xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda.

30.JPG

Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq endilikda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan beriladi.

Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etilgani esa adabiy merosimizni chuqur o‘rganish, yoshlarning ona tilimizga bo‘lgan ehtiromini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

– Vatanni ardoqlashda, xalqimizga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishda shoira opamiz biz uchun chinakam ibrat maktabidir, –dedi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, O‘zbekiston Milliy universiteti xorijiy filologiya fakulteti talabasi Chaman Jonuzoqova. – Uning she’rlarini ingliz tiliga tarjima qilish niyatidaman.

Tadbirda Zulfiya ijodidan namunalar hamda yosh shoiralarning she’rlari yangradi. Ona Vatanni, bahorni tarannum etuvchi qo‘shiqlar ijro etildi. Yosh musavvirlar ishlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.

Shoira haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
9 829