O‘zA O`zbek

09.03.2018 15:22 Chop etish versiyasi

MAKTAB O‘QUVCHILARI UCHUN SODDA RIVOYATLAR

MAKTAB O‘QUVCHILARI UCHUN SODDA RIVOYATLAR Zamondoshlari xotiralari, xalq orasida to‘qilgan naqllar, turli rivoyat va hikoyatlar ulug‘ zotlarning qiyofasini to‘liqroq tasavvur etishga ko‘mak beradi. Abdulla Oripovning dasturxon ustida, uchrashuvlarda, ishxona va ko‘cha-ko‘yda aytgan tesha tegmagan gap-so‘zlari, qochirimlari, u kishi bilan bog‘liq voqea-hodisalar ulug‘ shoir siymosi yaratilishiga xizmat qilishdan tashqari ijtimoiy-adabiy hayot jarayonlari tiklanishiga ham xizmat qiladi. Shogirdlari, muxlislari, hamkasblari, jamoadoshlari mangulikka daxldorligi shubhasiz bo‘lgan daryodil shoirimiz bilan turli uchrashuvlarda, suhbatlarda eslarida qolgan biron bir tesha tegmagan gap, voqea-hodisani o‘zlaridan orttirib axborot59@mail.ru manziligi yuborishsa minnatdor bo‘lar edik.



MAKTAB O‘QUVCHILARI UCHUN SODDA RIVOYATLAR

Johillik va ablahlik

Abdulla Oripov qirchillama qirq yoshida xalq orasida shu qadar mashhur ediki, o‘sha paytlarda unga g‘oyibona chinakam ixlos qo‘ygan marhum shoir Asqar Mahkam bilan uni izlab Xo‘janddan Toshkentga keldik.

Biz birov bilmaydigan talaba, Abdulla Oripov mashhur shoir – u bilan qanday uchrasha olamizu, nima haqda gaplashishimiz mumkin – har ikkimizning hayajonimiz cheksiz edi.

Uni izlab “O‘zbekiston” mehmonxonasi qarshisidagi uch qavatli ko‘rkam binoda joylashgan, obro‘- e’tibori boshqa tashkilotu vazirliklarga qaraganda juda baland bo‘lgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga bordik. Shoir o‘sha yerda adabiy maslahatchi bo‘lib ishlashi bizga ma’lum edi.

Uni hozirgina ketdi, deyishdi. Uyushma eshigidan kiraverishda, chap tomonda kitob do‘koni bor ekan. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki, o‘zimiz qidirib yurgan, oltmish ming nusxada chop etilgan esa-da, hech qayerdan topib bo‘lmaydigan “Yuzma-yuz” she’riy to‘plami peshtaxtada turibdi. Izlab kelgan shoirning o‘zini ko‘rgandek quvonib, cho‘ntak ko‘targancha bu kitobdan sotib olib, uni qo‘lga kiritish ishtiyoqida kuyib - yonib yurganlar teng-to‘shlarimizga sovg‘a qilmoqchi bo‘ldik. Ammo afsuski, buning iloji bo‘lmadi, unga mumtoz shoirlarning birato‘la to‘rttadan kitobchasi qo‘shib sotilayotgan ekan.

Uzun gapning qisqasi, o‘sha kuni “Bolalar dunyosi” magazini ortidagi ko‘p qavatli baland uyning oltinchi qavatidagi shoir xonadonida u bilan ilk da’fa ko‘rishib, suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘ldik.

– Yaqinda O‘lmas Jamol keluvdi, – dedi Abdulla Oripov bizning qayerdan ekanimizdan voqif bo‘lgach, O‘zbekistonning Urgut tumanida tug‘ilgan esa-da Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida istiqomat qiluvchi, o‘zbek va tojik tillarida bemalol ijod qila oladigan zullisonayn shoirni tilga olib. – G‘azalni eplab yozadiganlar ko‘p emas, O‘lmas Jamol shu ma’noda barmoq bilan sanarli shoirlarimiz qatorida turadi.

Uchovlon qurgan maroqli suhbatda, shubhasiz, biz tinglovchi bo‘ldik.

O‘sha mahallarda Anton Pavlovich Chexovning “Iste’dodsiz yozuvchi zo‘r ruhoniy kabi g‘o‘ddayib yuradi”, degan gapi mashhur edi. Kamtarligi, soddadilligi, o‘zi qiziq bir gap aytib qah-qah urib kulishlarida ulug‘ shoirda g‘o‘ddayishdan asar ham yo‘qligini payqab, undan minnatdor bo‘ldik.

Qaytishimizda “Yuzma-yuz”ga dastxat yozib berayotib mumtoz shoirlarning qo‘shib sotilgan kitoblariga uning nigohi tushib qoldi va:

- Qo‘shib sotishyaptimi? – deb so‘radi kayfiyati buzilib, keyin javobimizni ham kutib o‘tirmay, bosh chayqadi. – Kitobimga asarlari qo‘shib sotilayotgan ulug‘ shoirlar qarshisida oddiy havaskor ekanligimni bilishmaydi-da, ana-a johillik!

Oradan o‘n besh yillar o‘tgach, Do‘rmon ijod bog‘idagi hovlisida Abdulla Oripov qalin bir kitobni qo‘limga tutqazib:

– Bu odam she’r yozganman, proza yozganman deb da’vo qilibdi-yu, adabiyotning nima ekanligiga fahm-farosati yetib ham bormabdi, - dedi istehzo bilan. – Suratlar ostida yozuvlarga qarang.

Qalin muqovali kitobdagi suratlar osti “Falonchi mashhur ijodkor muxlislari orasida she’r o‘qiyapti, xalq dardini tinglayapti, xalq artisti bilan ijod ustida, qavmu qarindoshlar bilan” sirasidagi chuchmal izohlar bilan to‘lib-toshgan edi.

- Bir kuni bu yerga fotografni yetaklab keluvdi, - esladi Abdulla aka qo‘limdagi kitobga qiya qarab qo‘yarkan. – Yollab, olib yursa kerak-da. Xayriyat, chiqib ketayotuvdim, yo‘qsa men bilan ham suratga tushib, “oftobshuvoqda qatiq yalashgan qadrdoni Abdulla Oripov bilan”, deb aytishdan ham toymasmidi? Bunaqalar bitta-ikkita emas-da, o‘zlarini shunaqa qog‘ozga o‘rab ko‘rsatishadiki, haqiqiy ijodkorlar bir chetda qolib, o‘shalarning etagidan ushlab ketishadi, ana-a johillik!

Vafotidan ikki-uch yil oldin Abdulla Oripov ma’naviyat masalasida mo‘jazgina maqola yozib, shuni qizi orqali menga berib yuborgan, bir qo‘ng‘iroq qilsin, degan ekan. Darhol ulandim.

- U yoq-bu yog‘ini moslab jurnalda berib yuborilsa devdim, - dedi Abdulla aka xijolat chekayotgandek tomoq qirib olib. – Bilasan-ku, men institutda professorman, kafedradan so‘rashibdi, shunaqa qoidasi bor ekan, jurnalda maqola chiqarish kerak ekan.

- Siz O‘zbekiston Qahramoni unvonini ma’naviyat sohasida olgansiz, – dedim ham hayron bo‘lib, ham g‘azablanib. – Bunaqa narsalar aspirantlar, ilmiy ish yoqlamaganlardan talab etiladi-ku?!

-Nima deysan endi, - dedi Abdulla aka horg‘in tovushda. – Ko‘rmaysanmi johillikni!

Ammo maqola jurnalda chiqmadi. Bir kuni Bosh muharrir to‘satdan:

-Falon gazetaning Bosh muharriri nima uchun ishdan bo‘shatilganini bilasizmi? – deb so‘radi muhim sirdan voqifdek.

Men kift qisdim.

- Abdulla Oripov she’rlarini chop etgani uchun! – xitob qildi u bilag‘onlik bilan. - Bunaqa narsalarni siz bilishingiz kerak!

Bunaqa narsalarni men bilardim, ammo amal qilmasdim, shu sababli hech bir idora ishida omadim yurishmasdi. Bu gal ham shunday bo‘ldi, u yerdan ketdim.

Abdulla Oripov va Erkin Vohidov yonma-yon tushgan surati va hamdardlik so‘zlari bitilgan matn ikki ulug‘ zotning o‘limi munosabati bilan o‘sha jurnalda chop etilganiga, hattoki ilmiy jurnalda bag‘rikenglik ko‘rsatilib she’r ham berilganiga keyinchalik ko‘zim tushib hech ajablanmadim. Uch bora afsusu nadomat bilan aytilgan so‘zlar qulog‘im ostida to‘rtinchi da’fa yangragandek bo‘ldi – ana-a, johillik!

“As'hobi kahf”da zikr etilmish Daqqiyunus bilan osh-qatiqlashgan Bosh muharrir ishdan ketmadi. Aksincha, ulug‘ shoir shaxsi va ijodiga munosabat Davlatimiz rahbarining sa’y-harakati bilan keskin o‘zgargan mahalda bu borada himmat ko‘rsatib, qatordan qolmaganidan boshi osmonga yetgan bo‘lsa, ajabmas.

Ana-a, ablahlik!

Kuylakning ichida o‘zim ekanman

Abdulla Oripov xalq maqollari, naqllari, latifalarini ijodida ham, suhbatlarida ham joyida ishlata olar edi.

Bir tunda Nasriddin Afandi tashqarida shovqin-suron bo‘layotganini eshitib, uxlab yotgan joyidan sakrab turadi-da, miltig‘ini ko‘tarib chiqib ketma-ket o‘q uzadi. Shovqin-suron tinadi. Afandi uyga qaytib kirib, uyquni bemalol davom ettiradi. Ertalab hovli o‘rtasidagi kirarqonda yuvib yoyib qo‘yilgan o‘zining kuylagini tunda uzgan o‘qlari ilma-teshik qilib yuborganini ko‘rib:

— Xayriyat, kuylakning ichida o‘zim yo‘q ekanman! — deganicha quvonib ketadi.

Bu latifani eshitib, davradagi shogirdlari miriqib kulayotganini ko‘rib ustozning o‘zlari ham qahqaha uradilar.

Shunda tepadan qo‘ng‘iroq bo‘lib, bir nomzodning hujjatlarini tezroq rasmiylashtirib, uni uyushmaga a’zo qilib olish kerakligi haqida ustoz topshiriq oladi. Oradan ancha vaqt o‘tib, egallab turgan vazifasidan iste’foga chiqarilgach, kimdir unga aytib bergan latifasini eslatganida Abdulla aka istehzo bilan shunday lutf qiladi:

— O‘sha kuylakning ichida o‘zim bo‘lgan ekanmanu, bilmay qolibman-da! 

Shoyim Bo‘tayev

8 549