Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 12:56 Chop etish versiyasi

“Laylak qo‘ndi” madaniy meros binosida “O‘zbegim do‘ppilari” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi

“Laylak qo‘ndi” madaniy meros binosida “O‘zbegim do‘ppilari” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi Poytaxtimizning “Laylak qo‘ndi” madaniy meros binosida Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida “O‘zbegim do‘ppilari” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.

Tadbirda do‘ppilar azaliy an’ana va urf-odatlarimizni o‘zida mujassam etgan boqiy meros sifatida xalqimiz tomonidan qadrlanishi va asrab-avaylab kelinayotgani ta’kidlandi.

13.JPG

O‘zbek do‘ppilari hududiy jihatdan o‘ziga xosdir. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm do‘ppilarida gul va yaproq, g‘uncha, doira shakllar tushirishda o‘xshashliklar bo‘lsa-da, biroq shaklan, mato va rang tanlanishi, tikilishiga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Masalan, Shahrisabzning gilam do‘ppisi, Surxondaryoning pilla do‘ppisi ipak toladan tikiladi. Toshkentda ommalashgan do‘ppining shobpush turini chit matodan qo‘lda va tikuv mashinasida tikish mumkin. Farg‘ona do‘ppilari esa eng qadimiylardan hisoblanadi. Chust, Marg‘ilon, Qo‘qon, Andijon do‘ppilari ham azaldan ma’lumu mashhur bo‘lgan. Iroqi do‘ppi Shahrisabzda urf bo‘lgan. Keyinchalik bu usuldagi do‘ppilar boshqa joylarda ham ommalashib, har bir mahalliy joyning o‘ziga xos bezak usulida tikila boshlangan.

27.JPG

– "Do‘ppi" so‘zi ust, yuqori degan ma’noni bildiradi, – deydi O‘zbekiston Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi ilmiy xodimi G.Fayzullayeva. – U qadimda sallaga o‘xshab o‘raladigan gumbaz shaklidagi telpak ko‘rinishida bo‘lgan. Keyinchalik shakli o‘zgarib, paxta yoki ipak, atlas yoki baxmalda tilla rang iplar bilan tikilgan cho‘qqili, konussimon, dumaloq yoki to‘rtburchak ko‘rinishga kelgan. Do‘ppi tikish san’ati qo‘ldan qo‘lga, avloddan avlodga, onadan qiziga o‘tib, meros bo‘lib kelmoqda.

Ko‘rgazmada o‘zbek do‘ppilari qatorida Ibrohim Valixo‘jayev, Dilshod Nazarov, Dilshod Eshmatov, Shuhrat Abdumalikov, Alisher Umrzoqov kabi taniqli rangtasvirchi rassomlar ijodiy ishlari namoyish etilayotir.

19.JPG

Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
2 129






Все о погоде - Pogoda.uz