Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 11:23 Chop etish versiyasi

Ko‘z qurubtur ashkdin ul oy havoyi ishqida

Adabiyot gulshani

Navoiy.jpg
Alisher Navoiy

Yo‘qki, yomg‘urdin meni holimg‘a davron yig‘lag‘ay,

Ko‘rguzub gulgun bulut istar magar, qon yig‘lag‘ay.

Anjum ermaskim, erur aflok ashki donasi,

Har tun ahvolimg‘a baskim charxi gardon yig‘lag‘ay.

Chok bag‘rim qonu dog‘in ko‘z yoshim daf’ etmadi,

Lola naf’idur, nechakim abri nayson yig‘lag‘ay.

Ko‘z qurubtur ashkdin ul oy havoyi ishqida,

Bas qilur oxir bulut, chun ulcha imkon, yig‘lag‘ay.

Parda ichra yig‘lab ashkim, vahki, pinhon qolmadi,

Sham’ fonus ichra eldin qayda pinhon yig‘lag‘ay?

Mu’tabar ermas, agar zarq ahli ko‘p to‘kkay sirishk

Kim, musha’bid oz diram istab farovon yig‘lag‘ay.

Hajr tig‘idin ne g‘am har dam Navoiy yig‘lasa,

Kimki bo‘ldi pora-pora bag‘ri, oson yig‘lag‘ay.


Lug‘at:
Gulgun – gul rangida, qizil, alvon.
Anjum – yulduzlar.
Charxi gardon – aylanuvchi charx, falak, osmon.
Naf’ – foyda, naf.
Abri nayson – aprel oyidagi bulut.
Zarq – riyo, aldov.
Sirishk – ko‘z yoshi.
Musha’bid – ko‘zbo‘yamachi; firibgar.

Baytlarning nasriy bayoni:

Davron mening holimda yomg‘irdek ko‘z yoshi to‘kmayapti, balki qizil rangdagi buluti uning qon yig‘layotganidan nishonadir.

Osmonda yulduzlar emas, balki mening ko‘z yoshlarimning behisobligini ko‘rib, har kecha falak mening holimga yig‘lagay.

Nayson yomg‘iri lolaning gullab-yashnashiga sabab bo‘lganidek, chok-chokidan so‘kilgan bag‘rim dog‘ini ko‘z yoshim yuvib ketmadi.

Oy yuzli nigorimning ishqi havosida ko‘z yoshim quridi; axir bulut ham imkon boricha yig‘laydiku?!

Ko‘z yoshimni shuncha yashirsam ham, eldan pinhon qolmadi. Fonus ichidagi sham’ning ko‘z yoshlari qanday pinhon qolishi mumkin?!

Riyokor kimsalar ko‘p yig‘lasalar ham, ularning giryalari e’tiborga olinmaydi. Ularning yig‘ilari ko‘zbo‘yamachining ozgina pul uchun farovon yig‘lashiga mengzar.

Navoiy hijron tig‘i zaxmidan ko‘p yig‘lasa, ajab emas, chunki bag‘ri pora-pora bo‘lgan kishining giryasi oson bo‘lur.

G‘azalning umumiy mazmun-mohiyati:

Bahor fasli haqida so‘zlaganda odatda ko‘tarinkilik, xush kayfiyat ulashuvchi manzaralar, tabiatning qishki uyqudan uyg‘onib, gullab-yashnashidan hosil bo‘ladigan umidli tuyg‘ular, nekbin qarashlar haqidagi tasavvurlar jonlanadi. Ammo bu g‘azalda Navoiy tasvirni hijron tig‘idan bag‘ri majruh oshiqning holidan giryon bo‘lgan bahoriy bulutdan boshlaydi. Quyosh haroratidan hosil bo‘lgan gulgun bulut motamzada oshiqning holiga qon yig‘lab, tungi osmon uning ko‘z yoshlari farovonligidan yulduzdek behisob ashk to‘kayotgani tasviri orqali bahoriy manzarani firoqning quyuq pardasida jilvagar etadi. Nayson yomg‘iri lolazorlarning ochilib yashnashiga bois bo‘lganidek, hijron ko‘z yoshlari chok-chok bo‘lgan bag‘irning qoni va dog‘ini yuvib ketmadi, aksincha, yanada kuchaytiradi. Musibat paytida yig‘lagan kishi dardi biroz yengillashib, taskin-tasalli topadi, ammo ishq dardiga mubtalo bo‘lgan odamning giryasi suv emas, balki gulxanga sepilgan moydek hijron o‘tini yanada gurillatadi. Yomg‘ir vaqti kelib tingani kabi, ko‘p yig‘laganidan ko‘z ham bulutdek quriydi, ammo oshiq ko‘ngil ichra yig‘lashni davom etadi. Ko‘p yosh to‘kkanidan parda bog‘langan ko‘zga basirat nuri qaytib, ishq sirrini fosh etadi. Bu esa, fonus ichra “yig‘layotgan” sham’ning yorug‘roq bo‘lishiga o‘xshatilgan:

Parda ichra yig‘lab ashkim, vahki, pinhon qolmadi,
Sham’ fonus ichra eldin qayda pinhon yig‘lag‘ay?


E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi baytda sham’, fonus va parda obrazlari, undan keyingi baytda musha’bid (ko‘zbo‘yamachi) obrazi keltirilgan bo‘lib, bu bilan Navoiy o‘rta asrlarda juda keng rivojlangan “Fonus xayol” tomoshalarini tamsil etadi. Manbalarda berilishicha, Fonus xayol xalq qo‘g‘irchoq teatrining bir turi bo‘lib, unda charm yo taxtadan yassi qilib ishlangan qo‘g‘irchoqlar dastcho‘plarga o‘rnatilgan. Dastcho‘plarni harakatlantirish va ularning bo‘g‘inlariga bog‘langan iplarni tortish orqali ular jonlangan. Ular yupqa oq parda ortida, unga juda yaqin masofada harakatlantirilgan. Tomoshalar kechqurun va tunda bino ichida ko‘rsatilgan. Qo‘g‘irchoqlarning ortidan sham’ yoki fonuslar yoritib turgan. Natijada qo‘g‘irchoqlarning aksi pardaga tushirilgan. Agar dastlabki baytda haqiqiy oshiqning ahvoli fonus ichidagi sham’ga o‘xshatilgan bo‘lsa, keyingi baytda riyokor kimsaning yig‘lashlari Fonus xayol tomoshasini ko‘rsatuvchi masxarabozning ahvoliga qiyoslanadi. Oshiqlik martabasi, sodiqlik darajasi ko‘p yo kam ko‘z yoshi to‘kilgani bilan o‘lchanmaydi. Ishq yo‘lidagi asosiy shartlaridan biri – sidqu safo bo‘lib, riyo va hiyla, makr va nayrang, manfaat va g‘araz aralashgan joyda bozorda to‘rt tanga uchun hoy-hoy yig‘laydigan masxarabozning holi kabi e’tibor nazaridan tushadi. Ishq bozorida, Hazrat Bahouddin Naqshband aytganlaridek, hijrondan sarg‘aygan yuz va darveshning xirqasidek pora-pora ko‘ngilgagina xaridor topilur:

In jo ruxi zardu jomai janda xarand,
Bozorchai qasabfuro‘shon digar ast.


(Ma’nosi:
Bu yerda sariq yuz va yirtiq to‘n xarid etarlar,
Beqasam sotuvchilar bozorchasi boshqa yoqda.
)

Sariq yuz va ko‘p yosh to‘kuvchi ko‘zning ildizi – siniq, pora-pora bo‘lgan ko‘ngil. Ko‘ngli siniq kishi ham ko‘p yig‘laydi, ammo uning yig‘isi riyokor kishidan farqli o‘laroq, hijron tig‘idan majruh ko‘ngildan chiqadi. Oshiq ko‘ngil jarohatidan sizib chiqqan ko‘z yoshi o‘ziga o‘xshagan oshiqlarning ko‘ngliga albatta ta’sir qiladi. Zotan, Navoiyning so‘zlari ham faqat ma’rifat va muhabbat ahlining ko‘ngliga o‘rnashadi. Uning manguligi va barcha davru zamonlarni o‘z zabtiga olganligining siri ham shunda.

Olimjon Davlatov,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

O‘zA
6 250