Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 18:11 Chop etish versiyasi

San’at maktab-internati o‘quvchilarining ko‘rgazmasi ochildi

San’at maktab-internati o‘quvchilarining ko‘rgazmasi ochildi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod memorial bog‘-muzeyida "Kamalakning yetti jilosi" deb nomlangan badiiy ko‘rgazma tashkil etildi. Unda Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilarining ijod namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.

Mamlakatimizda yosh avlodga zamonaviy bilim berish, ularni har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, iste’dodi va qobiliyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun qulay sharoitlar yaratish masalasi doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda.

Ko‘rgazma "Kamalakning yetti jilosi" deb nomlangani bejiz emas. Bu yerda maktab-internatning turli ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan yetti nafar iqtidorli o‘quvchisi chizgan rasmlar namoyish etilmoqda. Abbos Bobomurodov, Aziza Xo‘jatoyeva, Shahzoda Sultonova, Shahina Jo‘rayeva, Rasul Ozodov, Dima Yusan, Ervin Seytasanovning rangtasvir, grafikaga oid rasmlari mavzusining rang-barangligi, bolalarning boy va beg‘ubor xayolot dunyosini to‘laqonli aks ettirgani, ona Vatanga, tabiatga, borliqqa cheksiz mehr-muhabbatga to‘lib toshgani bilan ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.

Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida bo‘lg‘usi musavvirlar 5-sinfdan boshlab dastgohli rangtasvir, kitob grafikasi, haykaltaroshlik, badiiy kulolchilik, dizayn kabi yo‘nalishlar bo‘yicha saboq olib, o‘z sohasining bilimdoniga aylanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ushbu bilim dargohi o‘quvchilarining suratlari Hindiston, Chexiya, Polsha, Yaponiya, Xitoy va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan bolalar badiiy ijodiyotiga oid xalqaro ko‘rgazmalarda muvaffaqiyat qozongan.

– Bunday ko‘rgazmalarning tashkil etilishi mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaliy namunasidir, – deydi maktab-internat direktori Somi Sodiqov. – Bu e’tibor bolalarning astoydil izlanishi, ijod qilishi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishining tobora kuchayishida muhim omil bo‘lmoqda.

Nazokat Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
3 758






Все о погоде - Pogoda.uz