Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 17:23 Chop etish versiyasi

"Jahon adabiyoti" jurnali ijodkorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «Jahon adabiyoti» jurnali ijodiy jamoasi va mualliflari bilan uchrashuv bo‘ldi.

Universitet rektori Sh.Sirojiddinov, filologiya fanlari doktori, professor U.Normatov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi E.A’zam va boshqalar mustaqillik mevasi bo‘lgan «Jahon adabiyoti» jurnalining tashkil etilishi xalqimizni jahon adabiyotining eng go‘zal namunalaridan bahramand etish, yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish va ularda kitobga mehrni tarbiyalash, yoshlarni Vatanga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida voyaga yetkazishda katta rol o‘ynayotganini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 27-fevraldagi qarori asosida tashkil etilgan jurnalda o‘tgan vaqt mobaynida dunyo adabiyotining yuzlab taniqli namoyandalari asarlari e’lon qilindi. Mazkur nashr o‘zbek tarjimonlik maktabini rivojlantirish va yosh mutarjimlarni yuzaga chiqarish, adabiyotimizni yangi ijodiy tajribalar bilan boyitishga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Shu kunga qadar unda 100 dan ortiq roman, 200 ga yaqin qissa, 1000 dan ortiq hikoya va novella, 500 ga yaqin falsafiy-publitsistik, ilmiy-nazariy maqola e’lon qilindi.

– Jurnalimiz bevosita Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan dunyo yuzini ko‘rgan, – deydi "Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Sh.Rizayev. – Atoqli olim Ozod Sharafiddinov rahbarligida jurnalning yuzta soni nashr etilgan. Jurnalning ma’naviy-ijtimoiy hayotimizda tutgan o‘rni va tahririyatda yuzaga kelgan tarjima maktabiga tamal toshini qo‘yishda ustozning xizmati beqiyos. Bugungi kunda shu an’ana davom ettirilib, adabiy voqeligimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan asarlar o‘quvchilar e’tiboriga havola etilmoqda. Tahririyatda Navoiy ijodini targ‘ib qilish borasida ham ezgu ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Kitobxonlarimizga Jaloliddin Rumiy, Vergiliy, Dante, Shekspir, Kristofer Marlo, Rable, Deni Didro, Jan Jak Russo, Lessing, Lev Tolstoy, Adam Niskevich, Frans Kafka singari jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini jurnal sahifalarida taqdim etganmiz.

Ayni chog‘da tahririyat jamoasi jurnal bibliografiyasini, “Jahon adabiyoti” jurnali kutubxonasidan” seriyasida kitoblar nashr ettirish, viloyatlar, oliy ta’lim muassasalarida ijodiy uchrashuvlar va boshqa tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Tadbirda jurnalni yanada takomillashtirish, uning sahifalarini dunyo adabiyoti ijodkorlari asarlari bilan boyitish, bu boradagi yutuq va izlanishlar xususida fikr almashildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
429






Все о погоде - Pogoda.uz