Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 18:18 Chop etish versiyasi

Isfandiyor Latipov: Tashqi targ‘ibot ezgu maqsad-muddaolarimizni odamlar qalbi va ongiga singdirishning muhim tarbiyaviy vositasidir

Duoga qo‘l ochgan nuroniylar, bo‘ynidagi medallari sanog‘iga yetolmaydigan sportchi bolalar, tinch va osoyishta yurtimizning fayzli maskanlari... Bunday dilga yaqin manzaralar, istarali, qadrdon chehralar aks ettirilgan suratlarni, plakat va pannolarni yurtimizning istalgan go‘shasida, shaharu qishloqlarida uchratish mumkin.

Yoshlar ma’naviyatini asrab-avaylash, istiqlol yillarida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuq va marralarning mazmun-mohiyatini hamyurtlarimizga oddiy, ta’sirchan, hayotiy misollar vositasida tushuntirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997-yil tashkil etilgan Respublika "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi bu boradagi vazifalar ijrosini ta’minlashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan jamoat tashkilotlaridan sanaladi.

O‘tgan yigirma yil vaqt mobaynida uyushma tomonidan amalga oshirilgan ishlar, bugungi shiddatli o‘zgarishlar kechayotgan davrdagi dolzarb vazifalar xususida "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor LATIPOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Istiqlol yillarida xalqimiz, ayniqsa yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, milliy an’ana va qadriyatlarimiz bardavomligini ta’minlash, yoshlarning kelajagi, ongu-shuurini turli yot va zararli g‘oyalar ta’siridan ishonchli himoyalash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar bugungi kunda odamlar dardiga quloq solish, ularning og‘irini yengil qilish, yurtdoshlarimizning orzu-niyatlari, dolzarb masalalarini puxta o‘rganish, ularga amaliy yechim topishga doir ibratli ishlarda ham bardavom.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 3-avgust kuni yurtimiz ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida adabiyot, san’at, madaniyat, media soha vakillarining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini to‘g‘ri tashkil etish, ularning kelajagi, istiqboli uchun xizmat qilish mas’uliyatini chin yurakdan his etish, bu borada har birimizning fuqarolik, ijodkorlik burchimiz nimalardan iborat ekanini belgilab berdi.

Bu boradagi vazifalardan kelib chiqqan holda uyushmamiz O‘zbekistonning mustaqillik yillarida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi islohotlar jarayonlarini odamlarga ta’sirchan va jozibador shakllarda yetkazish, xalqimizning chinakam bunyodkorlik ishlarini, odamlar ongida, ruhiyatida, qiyofasida kechayotgan o‘zgarishlarni tasviriy-targ‘ibot vositalarda aks ettirishdek maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatmoqda. Zero, milliy g‘oyamizning mazmun-mohiyatini keng yoyishda tasviriy-targ‘ibot vositalarining o‘rni, roli va ahamiyati g‘oyat beqiyosdir.

Taniqli rasssomlar, olimlar, tilshunoslar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, dizaynerlar, fotomusavvirlar va boshqa ijod namoyandalaridan tarkib topgan jamoamizning bo‘limlari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ular yurtimizning 70 dan ortiq tuman va shaharlarida ham tashkil etilgan.

Ijodiy uyushma bo‘limlari mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, ona Vatanga muhabbat, umrboqiy qadriyatlarga hurmat va ehtirom ruhi bilan yo‘g‘rilgan shior va matnlar uyg‘unligidagi bannerlar, plakatlar va boshqa tasviriy-targ‘ibot vositalarini odamlar gavjum joylar, ko‘cha va xiyobonlar, bekatlar, ommaviy tadbirlar o‘tkaziluvchi manzillarga joylashtirib kelmoqda.

Biz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot ishlarida qo‘llaniladigan matnlar, qaydlar, hikmatli so‘zlar, shiorlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqmoqdamiz. Bu tavsiyalardan markaziy ko‘chalar, bozorlar, xiyobonlar, bekatlar, avtotransport vositalari, metro, odamlar gavjum, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan manzillarga o‘rnatiladigan bannerlar, plakatlar va boshqa tasviriy-targ‘ibot vositalarini tayyorlashda, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishda keng foydalanilmoqda.

Uyushmamiz tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tasviriy-targ‘ibot vositalari bilan bezatildi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari hamda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mazmun-mohiyatini tasviriy-targ‘ibot vositalari orqali tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yurtimizdagi eng oliy va bebaho ne’mat tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, millatlararo totuvlikni, hamjihatlikni ta’minlash borasidagi odilona va uzoqni ko‘zlovchi siyosat, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni ta’minlashga doir ibratli sa’y-harakatlar bugungi kunda xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda. Bu yo‘nalishdagi amaliy ishlarni aks ettiruvchi fotoko‘rgazmalar jamiyatimizdagi tinchlik va ijtimoiy barqarorlikni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlashdek mas’uliyat barcha fuqarolarning burchi ekanini yurtdoshlarimiz ongiga singdirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu ko‘rgazmalarda yurtimizdagi milliy-madaniyat markazlari hayotini, an’ana va urf-odatlarini aks ettiruvchi 100 dan ortiq fotosuratlar namoyish etildi.

Mustaqillikning, tinch, osuda, baxtiyor, to‘kin va farovon hayotning qadr-qimmati, yoshlarning nurli istiqboli yo‘lidagi cheksiz mehr va e’tibor, xalqning orzu-intilishlariga yelkadoshlik mas’uliyati, ona O‘zbekistonimizning muqaddas timsollari, davlat ramzlari aks ettirilgan plakatlarni tayyorlashda joylardagi badiiy kengashlar puxta ish olib bormoqda. Kengash a’zolari tomonidan har bir rangni tanlashda, uning inson ruhiyatiga ijobiy ta’sirini o‘rganishga, aks ettiriladigan tasvirlarning hayotiy, samimiyligiga, so‘z qudratini astoydil his etishga jiddiy yondashiladi. Oddiy so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, tasvirlar yaxshi kitob kabi hikmatga, ma’rifatga boy bo‘lishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Hozirgi kungacha mustaqillik, ozod va obod Vatan, istiqlol ne’matlari, milliy armiyamiz, iste’dodli yoshlar, ibratli an’ana va qadriyatlarimiz, mahalla, xalqimizning boshqalar havas qilsa arzigulik fazilatlari, milliy bayramlarimizga bag‘ishlangan minglab rang-barang mahobatli pannolar, bannerlar, tasviriy vositalar, plakatlar tayyorlanib, ular yurtimizning turli shahar va qishloqlarini bezab turibdi. Salkam yetti yarim mingga yaqin zamonaviy targ‘ibot vositalari – bilbordlar, svetodiod ekranlar, siti-format qurilmalar ham shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Badiiy akademiya, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Nuroniy" jamg‘armasi kabi tashkilotlar bilan birgalikda "O‘zbekiston – umumiy uyimiz", "Biz – sening farzandlaringmiz, O‘zbekiston!", "Eng ulug‘, eng aziz", "Ranglar jilosida ona-diyor", "Konstitutsiya – baxtimiz poydevori", "Barkamol avlod – kelajagimiz poydevori", "Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi" mavzularida festivallar, badiiy, foto ko‘rgazmalar, ijodiy tanlovlar, turli ma’rifiy loyihalar o‘tkazilmoqda. Tasviriy-targ‘ibot vositalarimizning kuchli ijtimoiy yo‘naltirilgani, dizayni, sifati, mazmuni yuqoriligi bois uyushmamiz 2006-yil "Century International Quality Era Award" mukofoti – "Xalqaro sifat erasi" oltin mukofoti bilan taqdirlandi.

Bugungi shiddatli o‘zgarishlar kechayotgan davr, internet, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarining tezkorlik bilan rivojlanib borayotgani biz, targ‘ibotchilardan yanada faol, ishga o‘ziga xos tarzda ijodiy yondashuvni, odamlar, ayniqsa yosh avlodning orzu-intilishlariga hamohang tarzda tasviriy vositalarni tayyorlashni talab etmoqda. Tezkor davr talabidan kelib chiqqan holda odamlarning yuragiga yetib boradigan, katta hayotbaxsh ta’sir kuchiga ega bo‘lgan, yurtimizda kechayotgan olamshumul o‘zgarishlar, davlat siyosatining mazmun-mohiyatini teran ochib beruvchi qaydlar o‘z aksini topgan ko‘plab pannolar, bannerlar tayyorlandi. Jumladan, "Ona-yurt istiqboli – el baxti, iqboli", "El koriga yarash uchun el ichra yashash kerak", "Xalq duosi Haqqa yetar", "El g‘amida yurgan – elda doston bo‘ladi", "Vatan – ulug‘, burch – muqaddas", "Millat kelajagi onalar qo‘lida" kabi hikmatli so‘zlar aks ettirilgan tasviriy-targ‘ibot vositalari dizaynlari tayyorlanib, hududlarga yetkazib, joylashtirildi.

Tashqi targ‘ibot ezgu maqsad-muddaolarimizni odamlar, ayniqsa, yoshlarga yetkazishning, ular qalbi va ongiga singdirishning muhim tarbiyaviy vositasidir. Bannerlar, mahobatli fotosuratlardagi shiorlar ta’bir joiz bo‘lsa, har kuni 24 soat, yomg‘ir va qorda ham "ishlaydi". Ularda aks etgan tinchlik, osoyishtalik, hamjihatlik, bunyodkorlik mohiyati tasvirlarda va turli tillardagi yozuvlarda jaranglab turadi. Shu tariqa ular har kuni millionlab kishilarga mehr-oqibat, ezgu g‘oya, teran fikr ulashadi. Har qanday tasviriy-targ‘ibot vositalaridagi g‘oya odamlarni ezgulik sari undash, ma’naviy-ruhiy rag‘batlantirish, ularda kuchli mafkuraviy immunitet, o‘ziga xos ma’naviy qalqon hosil qilishni ko‘zda tutadi.

Yurtimizda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, davlatimiz siyosatining ahamiyatini yanada kengroq yoyish maqsadida uyushma bo‘limlarini har bir tumanda tashkil etib, ularda badiiy kengashlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, xalq fikrini o‘rganib, keng jamoatchilikni jalb etgan holda tasviriy-targ‘ibot vositalarining ta’sirchanligini yanada oshirish maqsadga muvofiqdir.

Pirovardida shuni aytish kerakki, odamlar vijdonini uyg‘otadigan, ma’naviy uyg‘oqlikka chorlaydigan, vatanparvarlik, halollik, fidoyilikka undaydigan, Vatan, xalq, yoshlar taqdiri uchun daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytiradigan ta’sirchan, oddiy, samimiy tasviriy-targ‘ibot vositalarini yaratish asosiy vazifamizdir.

Nazokat Usmonova, O‘zA
1 243






Все о погоде - Pogoda.uz