Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.03.2017 20:17 Chop etish versiyasi

Ilmga baxshida umr

Ilmga baxshida umr Atoqli olim Muhsin Qodirov an’anaviy o‘zbek teatr san’atining yirik mutaxassisi bo‘lgan. U san’atshunoslik fanida tarixiy, etnografik manbalar asosida san’at tarixini tiklashdan iborat ilmiy yo‘nalishga asos solgan. Teatrshunoslik fanining ravnaqida, shuningdek, sahna ijodkorlari, yosh olim va pedagoglarni tarbiyalashda uning xizmati beqiyosdir.

M.Qodirovning «O‘zbek teatri an’analari», «O‘zbek an’anaviy qo‘g‘irchoq teatri», «Sehr va mehr», «Sahnamiz lochinlari», «Navoiy va sahna san’ati», «Tomosha san’ati o‘tmishidan lavhalar» kabi asarlari bugungi kunda boy ilmiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Olim Muhsin Xalil taxallusi bilan yigirmadan ortiq pyesa yozgan. «Tanbur nolasi», «Kenja qiz», «Sirli nay», «Sehrli uzuk», «Baxt qushi», «Oltin boshoq» singari sahna asarlari shular jumlasidan.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida o‘tkazilgan «Ilmga baxshida umr» fotoko‘rgazma va xotira kechasi O‘zbekiston fan arbobi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muhsin Qodirovning hayoti va serqirra ijodiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori B.Sayfullayev, filologiya fanlari doktori, professor To‘ra Mirzayev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Muhsin Qodirovning olim, pedagog va ijodkor sifatida o‘zidan qoldirgan ijodiy merosi yosh avlod tarbiyasi va kamolotida, ularning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishida muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

– Muhsin Qodirov ilmiy rahbarligida yigirmadan ortiq fan nomzodi, o‘ndan ortiq fan doktori yetishib chiqqan, – deydi san’atshunoslik fanlari doktori, professor M.To‘laxo‘jayeva. – Ustoz juda talabchan bo‘lishi bilan birga bag‘rikeng, mehribon va jonkuyar edi. Biz, shogirdlarini farzandi qatorida ko‘rardi.

Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan ellikdan ortiq fotolavha Muhsin Qodirov hayoti va ijodini qamrab olgan. Bu suratlar nafaqat muxlislar, balki u bilan birga ishlagan hamkasblari, shogirdlari uchun ham qimmatli manbadir.

Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
1 006






Все о погоде - Pogoda.uz