Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.06.2018 15:10 Chop etish versiyasi

Ikki mingdan ortiq adabiyotlar taqdim etildi

Ikki mingdan ortiq adabiyotlar taqdim etildi Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi ibratli tadbirni o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori soha taraqqiyoti uchun mislsiz qadam va o‘ziga xos dasturilamal bo‘ldi.

Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatining oshirilishi jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat hamda sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega.

Respublika ishchi guruhi bu jihatlarni chuqur anglagan holda Baliqchi tumanida yangi tashabbusni boshladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan yuzdan ortiq nomdagi ikki mingdan ziyod kitoblar Baliqchi tumanidagi 4 ta sektor shtabiga va “Omon Ariq” mahalla fuqarolar yig‘ini kutubxonasiga taqdim etildi.

So‘zga chiqqanlar yoshlarga ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni chop etib, joylarga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazib berish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish dolzarb vazifa ekanligini qayd etishdi.

DSC04717.JPG

Xususan, kitoblarni, ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, adabiy-badiiy, o‘quv-uslubiy, ilmiy-nazariy, ilmiy-ommabop va ko‘rgazmali adabiyotlarni chop etish va tarqatish tizimi takomillashtirilayotgani ta’kidlandi. Ixtisoslashtirilgan kitob do‘konlari faoliyati rivojlanayotganiga, axborot-resurs markazlarining kutubxona fondlari, tashkilot va muassasalarning “Ma’naviyat xonalari” o‘quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, ma’rifiy va ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitilayotganiga alohida urg‘u berildi.

Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga doir targ‘ibot ishlarini tizimli va samarali tashkil etish, bu borada kitobxonlar, kutubxonachi va targ‘ibotchilar o‘rtasida “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila”, “Eng faol kutubxonachi” kabi ko‘rik-tanlovlarning saralash va respublika bosqichlarini yuqori saviyada o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Shu tariqa sektorlar shtablarida birinchi marotaba kutubxonalar tizimini tashkil etish ishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Taqdim etilgan jamlanmalar orasida jahon adabiyotining eng nodir durdonalarining tarjimalardan tortib, o‘zbek mualliflarining avtobiografik asarlari, qissa va hikoyalar, esse va she’rlari, maktab o‘quvchilari uchun fanlardan qiziqarli qo‘llanmalar, lug‘atlar, hikmatlar xazinasi, badiiy-publitsistik maqolalar to‘plamlari, mashhur romanlar, dramaturgiya namunalari, badiiy ocherklar, milliy xalq ertaklari, darsliklar o‘rin olgan.

Alisher Navoiyning “Ishq tilsimi”, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar”, Chingiz Aytmatovning “Asrni qaritgan kun”, Primqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Tohir Malikning “Zalolatga botma, ey inson”, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” va “Besh bolali yigitcha”, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”,To‘lan Nizomning “Po‘lat belbog‘” va “Vatan haqida qo‘shiq”, Muhammad Yusufning “Shoir sevgisi”, Qamchibek Kenjaning “Muhabbat badali”, Mirzo Kenjabekning “Buyuk Termiziylar”, Sobir O‘narning “Bibisora”, Tursunoy Sodiqovaning “Ishq ranggi” va “Murosa ilmi”, Salim Ashurning “Katta oftob” va “Titroq”, Ulug‘bek Hamdamning “Sabo va Samandar” hamda “Eski dunyo va yangi men”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” va boshqa o‘nlab yozuvchi va shoirlarning kitoblari o‘quvchilarda, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir Baliqchi tumani kitobsevar aholisini, ayniqsa, yoshlarini to‘lqinlantirib, mutasaddilarning bu kabi tadbirlarga e’tibor va diqqatini yanada kuchaytirishga undashi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Laziz Rahmatov, jurnalist

O‘zA
2 840