Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.11.2017 19:19 Chop etish versiyasi

I Toshkent xalqaro amaliy san’at festivalining yopilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 3-noyabr kuni hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda mazkur soha ravnaqiga oid yangi istiqbollar belgilandi.

O‘zbekiston Badiiy akademiya tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga 2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab tashkil etilgan I Toshkent xalqaro amaliy san’at festivali hunarmandlar ijodini keng jamoatchilikka tanishtirish, ularning xorijdagi hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratishga xizmat qildi. Mazkur festival uchun yurtimiz va Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Latviya, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan ikki yuzga yaqin ijodkorning eng sara ishlari tanlab olindi.

Bir hafta mobaynida poytaxtimizdagi ko‘rgazma zallari, galereyalar, muzeylarda amaliy va dekorativ san’atga oid ijod namunalari ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi. Davra suhbatlari, konferensiyalar, ijodiy muloqotlar chog‘ida amaliy san’atning bugungi rivojlanish tendensiyalari, istiqboldagi vazifalar belgilandi. Festival mobaynida san’atshunoslar, chevar hamda musavvirlar guruhlari hamkorligida yaratilgan "Olis yulduz shu’lasi", "Jonzotlar", "Shoyi, adras, baxmal", "Anjeli", "Qrim uslubi", "Rossiyaning quroqli mozaikasi" singari ko‘plab ijodiy loyihalar, turkum kompozitsiyalar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– O‘zbekistonda ko‘plab biyennalelar, xalqaro ko‘rgazmalar, san’at haftaliklarida qatnashganman, – deydi rassom Frank Ryodel (Germaniya). – Biroq amaliy san’at festivali xalq merosining ajoyib yo‘nalishlarini namoyish etgani bilan barchaga g‘oyat manzur bo‘ldi. Hamkasblarim, yaqinlarimga o‘zbek hunarmandligi namunalaridan sovg‘alar – mo‘jaz qutichalar, kulolchilik buyumlari, milliy matolar oldim. O‘zbekiston, uning mehridaryo xalqi, qo‘ligul hunarmandlari haqidagi eng yorqin va samimiy xotiralar qalbimga yanada mustahkamroq muhrlandi.

Nafis san’atga doir ijodiy nashrlarning taqdimoti, modalar namoyishi, milliy hunarmandlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat saboqlari, musiqiy kechalar, poytaxtimizdagi muzeylar va diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar festival dasturining yanada rang-barangligini ta’minladi.

Ijodiy ishlari eng yaxshi, deb topilgan musavvir, usta va hunarmandlar, ularning shogirdlariga O‘zbekiston Badiiy akademiyasining sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
7 015