Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 16:56 Chop etish versiyasi

Gul olmagan go‘zallar

Gul olmagan go‘zallar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqiy teatrida yozuvchi Qo‘chqor Norqobilning «Gul olmagan go‘zallar» pesasi asosida sahnalashtirilgan spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘chqor Norqobilning «Gul olmagan go‘zallar» asari siz bilan bizga zamondosh bo‘lgan oddiy insonlar, ularning o‘y-tashvishlari, orzu-istaklari haqida. Spektaklning bosh qahramoni Dilbar xotin-qizlardan iborat kichik jamoa faoliyat yuritadigan davlat idorasiga farrosh bo‘lib ishga kiradi. Hamkasblarining o‘ziga, ishiga bo‘lgan loqaydligi, e’tiborsizligi uni ajablantiradi. Idoraga yangi rahbar tayinlanganidan xavotirga tushib, unga yaxshi ko‘rinish ilinjida turli kulgili harakatlar qilib yurgan hamkasblari esa, dastlab uni mensimaydi. Spektaklning kulminatsion nuqtasida oddiy farrosh Dilbarning jamiyatda taniqli faol ayol, yangi rahbarning turmush o‘rtog‘i ekani ma’lum bo‘ladi. Bosh qahramon Dilbarning so‘zi bilan aytganda, farrosh xonani, ko‘chani tozalashi mumkin, ammo u inson qalbini tozalashga qodir emas. U har bir insonning o‘zigagina bog‘liq.

Spektaklning sahna yuzini ko‘rishida Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist S.Uzaqbayev, aktyorlar S.G‘aniyeva, D.Jalg‘asbayeva, M.Mambetmuratova, I.Ko‘mekbayeva va bosh rol ijrochisi J.Pirleshovaning hissasi katta. Shuningdek, K.Allanazarov, S.Ayimbetov singari mahoratli aktyorlar ijrosi ham tomoshabinni befarq qoldirmaydi.

Taniqli qoraqalpoq adibi Sh.Usnatdinov ta’kidlaganidek, komediya elementlaridan mohirona foydalanilgan bu asar teran ma’no va katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Asar barchamizni, ayniqsa, xotin-qizlarni o‘z go‘zalligi, qadr-qimmati, aql-idroki, bilimi va zehni bilan oila va jamiyatda o‘z o‘rnini anglashga, qalblarni poklashga chaqiradi.

Charjov Yelmuratov, O‘zA
1 682






Все о погоде - Pogoda.uz