Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2018 22:00 Chop etish versiyasi

Do‘stlik kechasi

Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan Belarus Respublikasi madaniyat kunlari doirasida poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida mazkur davlatning san’at ustalari ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi. Belarus xalqi madaniyati, bugungi kuni, tabiati, an’ana va urf-odatlari, me’moriy obidalari aks etgan fotoko‘rgazma tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga bu yil 25 yil to‘ladi. Yuksak saviyada va bayramona ruhda tashkil etilayotgan belarus madaniyati kunlari ham ushbu sana arafasida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, o‘tgan yillar mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo, ishlab chiqarish sohalari bilan birga madaniyat, ta’lim, ilm-fan yo‘nalishidagi hamkorlik ham yanada ravnaq topib, yangi pog‘onaga ko‘tarildi.

– Yurtingizda madaniyat va san’at rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tibor, xalqingizning san’atni g‘oyat qadrlashi tadbirlar davomida yaqqol namoyon bo‘ldi, – deydi Belarus Respublikasi xalq artisti, "Syabri" ansambli badiiy rahbari Anatoliy Yarmolenko. – Konsertda tomoshabinlarning bizga jo‘r bo‘lib kuylashi, har bir musiqiy chiqishni katta olqish bilan kutib olishi barchamizni g‘oyat to‘lqinlantirdi. Bizning yurtda Farrux Zokirov hamda "Yalla" ansamblining ijodini yuksak qadrlashadi. Bunday tadbirlar do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

San’at, do‘stlik kechasiga aylangan konsertda belarus xalq musiqa, raqs san’ati namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
1 695