Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 18:21 Chop etish versiyasi

Denovda adabiyot kunlari

Denov tumanida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, tuman hokimligi va Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi Surxondaryo viloyati bo‘limi hamkorligida “Adabiyot kunlari” o‘tkazildi.

Anjumanning ochilishida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, adabiyotshunos olim, akademik B.Nazarov, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri S.Raupov va boshqalar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish orqali ma’naviyatini boyitishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida tashkil etilgan anjumanda taniqli shoir-yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar ta’lim muassasalarida, mahallalarda o‘quvchilar, yosh ijodkorlar va keng jamoatchilik vakillari bilan qiziqarli uchrashuvlar, mushoiralar o‘tkazdi.

– Tadbir davomida adabiyot ixlosmandlari, xususan, yoshlar taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar bilan suhbat qilish, ularning kitob va mutolaaning foydalari haqidagi fikrlaridan bahramand bo‘lish, ijodiy mahorat sirlari bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi rahbari F.Sharipov. – O‘zbek adiblari asarlari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi.

Tumanning Vodiy mahallasidagi “Farg‘ona madaniyat va aholi dam olish maskani”da bo‘lib o‘tgan tadbirda adabiyotning inson kamolotida tutgan o‘rni, millat ma’naviyatini shakllantirish va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Milliy adabiyotimizning bugungi rivoji va ertangi istiqboli yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yangi-yangi nomlar kashf etilishiga xizmat qilayotgani, ularning rang-barang ijod namunalari xalqimiz ma’naviy xazinasidan munosib joy olayotgani xususida fikr almashildi.

Ra’no Uzoqova nomidagi Denov pedagogika kolleji jamoasi bilan uchrashuvda poytaxtdan kelgan ijodkorlar o‘zlari bilan olib kelgan 300 ta badiiy kitobni sovg‘a qildi.

– Badiiy adabiyotga mehr meni kichik hikoyalar yozishga undadi, – deydi yosh ijodkor Shahnoza Eshmirzaeva. – Kollejda o‘qib yurgan davrimda ularning ayrimlari vaqtli matbuotda e’lon qilindi. “Osmon bir dunyo” nomli ilk kitobim nashr etildi. Bugungi uchrashuv poytaxtdan olisda istiqomat qilayotgan adabiyot ixlosmandlari, ayniqsa, biz, yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Mashhur yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, qiziqtirgan savollarga ularning o‘zidan javob olishning gashti bo‘lakcha. Yangi chop etilgan asarlar bilan tanishdik, taniqli adiblarning yangi ijod namunalaridan tingladik. Yosh ijodkorlarga yaratilayotgan qulayliklar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 160






Все о погоде - Pogoda.uz