Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 14:58 Chop etish versiyasi

Chortoq tumanida yangi kitob do‘koni ishga tushdi

Chortoq tumanida yangi kitob do‘koni ishga tushdi Namangan viloyatining Chortoq tumani markazida “Tafakkur olami” deb nomlangan yangi kitob do‘koni ish boshladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, jamiyatning intellektual, ma’naviy va madaniy ehtiyojlariga to‘liq javob beradigan kitob bozorini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim, madaniyat muassasalari vakillari, shoir-yozuvchilar, yoshlar ishtirok etgan kitob do‘konining ochilish marosimida bu alohida ta’kidlandi.

– Xalqimiz taqdiri va kelajagiga daxldor bo‘lgan mazkur hujjat ishbilarmon va tadbirkorlarni ham tashabbuskor bo‘lishga undamoqda, – deydi viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Z.Mansurov. – Buni o‘tgan qisqa vaqt mobaynida tadbirkorlar tomonidan Namangan shahrining o‘zida ikkita zamonaviy kitob do‘koni barpo etilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Ushbu maskanlarda faqat kitob savdosi bilan cheklanib qolinmay, kitobxonlikni targ‘ib qilish bilan bog‘liq turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘tkazilayotir. Tog‘li tumanda ochilgan bu kitob do‘koni ham yurtdoshlarimiz uchun keng ma’nodagi ziyoxona bo‘lib xizmat qiladi.

“Kelajakning nurli ufqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ochilgan do‘konda xaridor va kitobxonlar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Dastlabki bosqichda bu yerga maktabgacha yoshdagi bolalarbop, badiiy, ilmiy, ommabop janrlarni qamrab olgan 5 mingdan ziyod kitob keltirildi.

– Bu yerda kitob savdosi bilan birga, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi, – deydi “Kelajakning nurli ufqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari I.Yusupov. – Ochilish marosimi doirasida 12-bolalar musiqa va san’at maktabi, tumandagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, “Taraqqiyot mezoni” gazetasi hamkorligida “Kitob – tafakkur quyoshi” mavzusida kitobxonlik anjumani o‘tkazildi, ta’lim muassasalarining kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda shoir va yozuvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari Prezidentimizning kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan farmoyishida belgilangan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, ularning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni ma’nan barkamol etib tarbiyalashdagi ahamiyati haqida so‘zladi. Buyuk mutafakkir ajdodlarimizning ilm-ma’rifat, kitob va mutolaa haqidagi durdona fikrlaridan iqtiboslar keltirildi. Tadbir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Muzaffar so‘z” to‘garagi, “Chortoq haqiqati” gazetasi qoshidagi “Bo‘ston” ijodiy uyushmasi yosh ijodkorlarining chiqishlari bilan chinakam mushoiraga aylanib ketdi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
3 610






Все о погоде - Pogoda.uz