O‘zA O`zbek

01.03.2018 10:19 Chop etish versiyasi

CHIN KIYIGI DESAM KO‘ZIN...

Adabiyot gulshani



Alisher Navoiy


Chin kiyigi desam ko‘zin, vah, nedurur itob anga,
Chunki qarosi ko‘rguzur har sari mushki nob anga.
La’li labingda ter bo‘lub obi hayot qatrasi,
Yoki Xizir suyi labing, qatra bo‘lib hubob anga.
Yopmadi ko‘zni ashkkim, boqmasun o‘zga yuzga deb,
Har sari ayni rashkdin yopti g‘aming niqob anga.
Jismim agar kuyar, ko‘ngul tolpinuri ajab emas,
Kimki uyiga tushsa o‘t, yo‘q ajab iztirob anga.
Oqmadi xay uzoridin la’lig‘akim, hakimi sun’
Ezdi hayot sharbatin, emdi urar gulob anga.
Zulfi xayolidin ko‘ngul har yon etar havo, valek
Saydg‘a ne xalos chun bog‘lig‘ erur tanob anga.
O‘zlugining hijobidin kimki o‘zin xalos etar,
O‘zga qayonki solsa ko‘z, mumkin emas hijob anga.
Ahli mazallat ohining novakidin sipehr agar
Qochmadi muncha, bas, nedur xam bo‘lubon shitob anga.
Va’dayi vasl etib edi, tushta ayog‘in o‘pmisham,
Dema, Navoiy, ul pariy aylamasun hisob anga.


Lug‘at:
Itob – ta’na, malomat, tanbeh.
Xay – ter.
Uzor – yonoq, qizil yuz.
Hakimi sun’ – borliq hikmatining sohibi, majoziy Xudo.
Hijob – parda, to‘siq.
Ahli mazallat – mazlumlar, bechoralar.
Novak – o‘q, o‘qning temir uchi.
Sipehr – falak, osmon.


Baytlarning nasriy bayoni:

Ko‘zini Chin kiyigi dedim, vahki, u meni malomat qilmoqda. Negaki ko‘zining qorasi har tomonga sara mushk sochmoqda.

La’li labingda tiriklik suvi ter bo‘lib tushibdi yoki labing – Xizr chashmasi-yu ustidagi ter – qaynab chiqqan buloq ustidagi hubob.

Boshqa yuzga nazar solmasin, deb ko‘zimni ashk yopmadi, balki sening g‘aming har tomondan ayni rashkdan niqob soldi.

Jismim kuyganidan ko‘nglim talpinsa, ajabmas, negaki uyga o‘t tushsa, uy egasi iztirob chekadi.

Qizil yonog‘idan lablari ustiga ter tushmadi, balki Yaratganning o‘zi hayot sharbatini ezdi, endi o‘ziga kelishi uchun gulob sepmoqda.

Ko‘ngil zulfining xayolidan har tomonga mayl etadi, ammo arqon bilan kishanlangan saydga qutulmoq imkoni yo‘q.

Kimki o‘zlik pardasidan qutulsa (fano bo‘lsa), qaysi tomonga nazar solsa ham, endi hech narsa parda ortida yashirin qolmaydi.

Falak bechoralar ohining o‘qidan agar qochmasa, nega egilib, shitob bilan aylandi?!

Ul pariy visol va’dasini etgan edi, tushda oyog‘ini o‘pganmishman. Ey Navoiy, endi ul pariy buni hisobga olmasin, deb aytma.



G‘azalning umumiy ma’no-mohiyati:


Abadiylik, mangulikka daxldor bo‘lish – insoniyatning azaldan amalga oshmay kelayotgan orzusi, barcha intilishlarining asl muddaosi. Bebaqo olamdagi o‘tkinchi go‘zallik, yeldek uchib boradigan umr, har bir lahzasi qaytmas, Yo‘qlik tubiga singib ketguvchi tiriklik, novdalar uchidagi kurtaklari endi ochilmoqchi bo‘lgan bodomning tanasiga yaqinroq, baquvvatroq shoxlarida bahordan mujda berayotgan gullarining hut shamoli bilan qo‘shilib, yer uzra hasrat bilan sochilib yotishini ko‘rib turgan holida karvonsaroyga o‘xshash besh kunlik dunyoda mehmonligini bilsa-da, o‘zining lahzalik mezbonligini keyingilarga eslatish uchun nimalar qilmaydi bu inson bolasi. Iskandar kabi obi hayotni qidirib, oxiri benasib qolgach, ikki qo‘li ochiq bu dunyodan o‘tgan zotlar qancha...

Olimjon Davlatov,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

O‘zA
4 724