Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 12:46 Chop etish versiyasi

Buyuk zotga ehtirom

Buyuk zotga ehtirom
9-fevral – Alisher Navoiy tavalludi kuni 

Quyosh Sharqdan chiqib G‘arbga botar ekan, uning nurlari Tokiodan Nyu-Yorkkacha bo‘lgan masofada bir marta bo‘lsa ham buyuk Alisher Navoiy haykalini yoritib o‘tishi bor haqiqat. Besh yarim asrdan ziyod vaqt o‘tibdiki, Navoiy siymosi, uning yuksak ijodiy merosi hamon ummon singari mavjlanib turadi. Bashariyat qalbini shams kabi ezgulik ziyosi bilan yoritadi.

Millat yo‘lini yoritib turgan qalbi quyosh insonlarni tarix sahnasidan, xalq xotirasidan aslo o‘chirib bo‘lmaydi. Ne-ne mustabid zamonlar ham ulug‘ Navoiy dahosi oldida ojiz qolgani rost. Ammo yaqin o‘tmishdan ma’lumki, sobiq tuzum xalqning ruhini so‘ndirish maqsadida uning buyuk ajdodlarini yomonotliqqa chiqarish, shaxsi va ijodini buzib ko‘rsatish uchun atayin bir yoqlama talqin etishga urindi.

Biroq istiqlolning dastlabki yillaridan milliy o‘zligimizni anglash maqsadida buyuk ajdodlar nomini tiklash, ularning nodir ma’naviy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Chunonchi, buyuk mutafakkir nomi tiklanib, mustaqilligimizning dastlabki yili yurtimizda Alisher Navoiy yili, deb e’lon qilindi. Bugun dunyo xalqlarini hayratga solgan, ayniqsa, she’riyat mulkida yuksak mavqega ega buyuk shoir asarlaridan bahramand bo‘lmagan el bo‘lmasa kerak. Shu bois, ilm ahli borki, Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz, deb biladi. Zero, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g‘ururi, sha’nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir.

11 (1).JPG

Alisher Navoiyning ezgulik, muhabbat, do‘stlik, adolat, tinchlik kabi olijanob fazilatlar, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar to‘g‘risidagi qimmatli fikrlari bugun ham yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda ham yoshlarning buyuk ajdodlar merosini puxta o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Viloyat markazida qad rostlagan buyuk mutafakkirning muazzam haykali atrofi hamisha gavjum. Xiyobonga tutash muhtasham Yoshlar markazi shijoatli yoshlarning ziyo maskani. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan 15 dan ortiq fan, sport, san’at to‘garaklarida ko‘plab iste’dod egalari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqda.

Bugungi kunda viloyatda oliy ta’lim muassasasi, ma’rifat maskanlari, mehmonxona, xalqaro aeroport, erkin iqtisodiy zonaga buyuk Navoiy nomi qo‘shib aytiladi. 2001-yilda Navoiy shahridagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida buyuk mutafakkirga muazzam haykal o‘rnatilib, saylgohga Alisher Navoiy nomi berildi. Iste’dodli haykaltarosh Anvar Rahmatullayev, me’mor Bahrom Abdullayev hamda haykaltarosh Pavel Podosipnikov bilan hamkorlikda ishlangan haykal boqqa ma’naviy ruh bag‘ishlab turibdi.

9 (2).JPG

Markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida qariyb 20 gektar maydonda 11 milliard so‘mlikdan ortiq qurilish ishlari olib borilib, maskan butkul yangicha qiyofa kasb etdi. 2 musiqali favvora barpo etildi. Yozgi sahna, 22 attraksion, kurash maydoni, savdo nuqtalari qurildi. Shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlab o‘rnatilgan “Yulduzning tug‘ilishi”, “O‘spirinlik”, “Yoshlik” va “Donishmandlik” deb nomlangan ramziy haykallar turkumi kishini falsafiy mushohadaga chorlaydi. Buyuk zot bosib o‘tgan sermazmun umr yo‘lini tasavvur etishga undaydi. Bu yerga kelgan yoshu keksaning qalbiga Farhodning jasorati, Qaysning matonati, Bahromning zakovati jo bo‘lishi shubhasiz. Navoiyni o‘rganish yoshlarni poklik, mardlik, mehr-oqibat va sadoqatga oshno etadi.

Alisher Navoiy haykali atrofiga manzarali daraxtlar ekilib, ko‘rkam ko‘rinishga keltirildi. Bunday yangilanish va ulkan e’tibor Navoiy siymosiga qaratilayotgan hurmat ramzidir. Bog‘ning shimoliy hududi yangi ko‘rinishga kirdi. Eskirgan buta va daraxtlar o‘rniga nina bargli ko‘p yillik nihollar ekildi. 4 gektarga yaqin maydonda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. 

7 (2).jpg

Navoiy shahridagi “Farhod" va “Shirin” madaniyat saroylari o‘ziga xos ma’rifat maskaniga aylangan. Har ikki maskanda yoshlar san’at turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, “Farhod” madaniyat saroyining nodir adabiyotlarga boy kutubxonasi o‘quvchi-yoshlar bilan doimo gavjum. Saroyning old qismida Farhodning tog‘dan suv keltirish ramziy haykali va unga tutash maydonda ko‘zada suv ko‘targan uch suluv timsoli o‘rin olgan. Bu manzarani teran ilg‘agan har bir inson ko‘z oldida Alisher Navoiyning barhayot g‘oyalari gavdalanadi.

Shaharning serqatnov ko‘chalaridan biri – Alisher Navoiy ko‘chasi keyingi besh yilda yanada ko‘rkamlashdi. Shaharni Karmana tumani markazi bilan bog‘lash maqsadida 3 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘li yangidan barpo etildi. Yo‘l atrofida zamonaviy va ko‘rkam binolar, restoran va savdo markazlari bunyod etilayotir. Shu yo‘l bo‘yida yosh oilalar uchun bir necha “Yoshlar uyi" barpo etilayotgani ko‘chaga yanada fayz bag‘ishlamoqda.

Kundan-kun ko‘rkam qiyofa kasb etib borayotgan viloyatda shoir hayoti va uning boy ijodiy merosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, buyuk mutafakkir tavalludining 577 yilligi munosabati bilan talaba va o‘quvchilar Alisher Navoiy hayotini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etmoqda. Madaniyat saroylari va ta’lim muassasalarida mushoira kechalar o‘tkazilayotir.

Nuriddin Rahimov,Siroj Aslonov (surat), O‘zA
2 885