Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 18:27 Chop etish versiyasi

Boqiy an’analar va muqaddas qadriyatlar tarannumi

Boqiy an’analar va muqaddas qadriyatlar tarannumi Poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur festivalda poytaxtimizdagi umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashi raisi A.Jumaboyev va boshqalar mazkur festival yoshlar qalbida milliy an’analarimiz, qadriyat va urf-odatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat kabi olijanob tuyg‘ularni shakllantirish, ularni "ommaviy madaniyat" iskanjasidan asrash, xalqimizning boy madaniy-ma’naviy merosini asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Festival doirasida yosh sportchilarning milliy kurash bahslari, «Shu aziz Vatan – barchamizniki!» mavzusidagi foto va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi namoyish etildi. Bog‘dagi varraklar sayli, milliy o‘yinlar, “Navro‘z dasturxoni”, “Sumalak sayli” loyihalari, yosh hunarmandlar, tadbirkorlar mahsulotlari ko‘rgazmalari, yosh oshpazlar bahslari barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari yoshlari xalqimizning mustaqillik yillarida qayta tiklangan milliy qadriyat va urf-odatlarini, bugungi dorilomon kunlar va bunyodkorlik salohiyatini ko‘rgazmali va badiiy dasturlar orqali namoyish etishdi.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining poytaxtimizdagi kengashlari tomonidan mamlakatimizdagi 14 viloyatning o‘ziga xos urf-odat, an’ana va boqiy qadriyatlari mohirona tasvirlandi.

19.JPG

– Qarang, atrof-muhit yashillikka burkangan. Yo‘l bo‘yi, bog‘lardagi turfa ranglarda jilolanib turgan gullar, qiyg‘os ochilgan daraxtlar kishiga ko‘tarinki kayfiyat ulashadi, – deydi Toshkent soliq kolleji o‘quvchisi Asal Abduraimova. – «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Uchtepa tuman kengashi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos an’analarini namoyish etmoqdamiz. Qoraqalpoqcha «qora uy» deb nomlangan o‘tovni yasadik, u qishda issiq, yozda salqin bo‘ladi. Uni bezatishda qo‘l mehnati asosidagi serjilo naqshlardan foydalandik. Hududning milliy taomlari, milliy o‘yinlari, aytishuv va laparlarini ijro etdik.

Tadbirda folklor jamoalari, “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi o‘quvchilari, yosh ijrochilar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Azima Qiyosova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 348






Все о погоде - Pogoda.uz