Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 11:59 Chop etish versiyasi

Bolalar ijodi namoyishi

Bolalar ijodi namoyishi Toshkent Fotosuratlar uyida namoyish etilayotgan 160 nafarga yaqin iqtidorli o‘g‘il-qizning ijodiy ishlari kattayu kichikka, san’atshunosu muxlisga manzur bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi hamda Yakkasaroy tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi hamkorligida tashkil etilgan “Bolalik orzularim” mavzuidagi ko‘rgazmaning ochilishida rassomlar, san’atshunoslar, ota-onalar, jurnalistlar va o‘quvchilar jam bo‘ldi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar mamlakatimizda farzandlarimiz baxtu kamoli yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ularning ma’naviy olamini yuksaltirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevraldagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyatini takomillashtirish, ularda ta’lim-tarbiya olayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘layotir.

– Markazimizning “Tasviriy san’at” to‘garagi o‘quvchilari mamlakatimizda an’anaviy o‘tkazilayotgan tanlovlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda, – deydi Yakkasaroy tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori D.Yahyoyeva. – Jumladan, ular orasida “Toshkent quvonchlari” xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi, “Qadrdon shahrim ekologiyasi” ko‘rik-tanlovi, “Biz serquyosh yurt farzandlarimiz” kabi ko‘rgazmalarning faol ishtirokchilari va sovrindorlari bor.

Markazning “Mayda plastika” to‘garagi o‘quvchilarni yaratuvchanlik va ijodkorlikka o‘rgatadi. Bu yerda bolalar turli mavzudagi kompozitsiya shakllarini maxsus loy, sho‘r xamirdan yasab, guashda rang beradi va xona haroratida quritadi. Mazkur to‘garak o‘quvchilari orasida 13 yoshli Kozimjon Rahmatullayev alohida iqtidorga egaligi bilan ajralib turadi. U “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivali, “Yosh hunarmand” ko‘rik-tanlovining tuman va shahar bosqichlari g‘olibi.

– Men shu ko‘rgazmada qatnashayotganimdan xursandman, – deydi u. – “Yomg‘irda”, “Natyurmort” deb nomlangan va boshqa ishlarimni tengqurlarim e’tiboriga havola etdim. Kelgusida o‘qib-izlanib, jonajon yurtimizga munosib farzand bo‘lish asosiy maqsadimdir.

Tadbirga mazkur markaz bolalarining chiqishlari, kuy-qo‘shiqlari o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Nasiba Ziyodullayeva, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 116






Все о погоде - Pogoda.uz