Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.12.2017 16:30 Chop etish versiyasi

Bir asr ostonasida...

Asrga tutash maskan solnomasi

Osori-antiqalarda o‘tmish qiyosi

Yangi islohotlar – muzey faoliyatida muhim omil

Ilmiy va xalqaro hamkorliklar

Taassurot va istak

Muzeylar ishini yaxshi tashkil etishda an’anaviy bir odat bor: bu o‘z faoliyati haqida o‘zgalar fikrini bilish. Shu sabab muzeylarga borsangiz, sizning qo‘lingizga Taassurotlar kitobini berishadi. Siz unga bu yerda saqlanayotgan fond va jamoaning ishlash jarayoniga baho berib, undan olgan taassurotlar bilan birga taklifingizni yozib qoldirasiz. Muzey jamoasi muxlislarni ko‘proq jalb etish uchun sizning taklifingizni o‘rganib, undan amaliyotda qo‘llaydi.

Markaziy Osiyodagi eng yirik ma’naviy markazlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston davlat san’at muzeyida ham bunday ish tartibi an’anaga aylangan.

Har yili minglab san’at shaydolarini qabul qiladigan ushbu maskan nafaqat hamyurtlarimiz, balki xorijiy mehmonlar uchun ham aziz va qadrli go‘shadir. Ochig‘ini aytganda, ziyoratchilar bu yerga qadam ranjida qilar ekan, avvalo, ajdodlarimiz o‘tmishi, ularning turmush tarzi, nimalar bilan mashg‘ul bo‘lgani va o‘sha davrlardagi fan, madaniyat va san’at haqida ko‘proq tasavvur hosil qilishga qiziqadilar. Ular muzeyni tomosha qilib bo‘lgach, fikr va his-hayajonini Taassurotlar kitobida bayon etadilar.

Bu kitobni birma-bir varaqlar ekanmiz, ularda bildirilgan xohish va istaklarning ham ma’noli, ham foydali jihatlari kishi diqqatini tortadi. Ularning ayrimlaridan iqtibos keltirishni lozim ko‘rdik:

«O‘zbekiston davlat san’at muzeyi rahbariyati va xodimlariga! Madaniy merosni asrab-avaylashlarida omad tilayman.

Hurmat bilan Buyuk Knyagina Mariya Vladimirovna».

«O‘zbekiston davlat san’at muzeyi va uning namunali xodimlariga!

Muzey eksponatlarida namoyon bo‘lgan yurtingiz madaniyatiga bo‘lgan muhabbat so‘nmasligini tilab qolaman. Bu yerda yuqori darajada saqlanayotgan Yevropa san’ati kolleksiyalari va ular orasida vatandoshim – rassom Karl Gunning «Ko‘k ko‘ylakdagi ayol» surati borligi meni quvontirdi.

Kelajakda bunday san’at namoyishi xalqimiz va madaniyatimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilsin.

Oyars Sarritis, Latviya Fanlar akademiyasi prezidenti».

«Muzeyni diqqat bilan tomosha qildim. Juda tarixiy ashyolar, kolleksiyalar jamlangan. Ularning har biri o‘ziga xos san’at asari. Ko‘rib, quvondim. Naqadar boy merosimiz bor-a?! Hammasi nodir va noyob. Ularni aslicha saqlash esa katta mas’uliyatdir. Shu mas’ul ishda jamoaga kuch-quvvat tilayman.

Istagim: madaniyat va san’atimizni yanada namoyish etishda bugungi zamonaviy imkoniyatlardan ko‘proq foydalanish zarur, deb o‘ylayman.

Hurmat va ehtirom bilan,

Navoiydan Sunnatilla Boboqulov»...

– Albatta, ularni o‘qiyversangiz, bir-biridan qiziqarli va mazmunli taklif-istaklar shohidi bo‘lasiz, – deydi muzey ekskursavodi Dilnoza G‘aniyeva. – Shu ma’noda, o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida muzeyimizda saqlanayotgan Taassurotlar kitobi ham talayginani tashkil etadi. Ular biz uchun nihoyatda qadrli. E’tiborli jihati, bu yerga keluvchi hamyurtlarimiz va xorijliklarga muzey ekspozitsiyasi katta qiziqish o‘yg‘otadi. Buni har bir eksponat tarixi haqida so‘zlaganimda, ularning berilib tinglayotganidan bilaman. Ziyoratchilarning boy tariximizga bo‘lgan muhabbat va hayrati jamoamizni yanada yaxshiroq ishlashga undaydi...

Davomi bor. Saytimizni kuzatib boring.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA.
5 628