Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2018 17:47 Chop etish versiyasi

Besh qit’a uzra kezar Navoiy

Besh qit’a uzra kezar Navoiy
9-fevral – Alisher Navoiy tavalludi kuni

9- fevral – buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning tavallud kuni. Ushbu sana munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazish an’anaga aylangan.

10-12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan Alisher Navoiy haqida tarixchi Xondamir o‘zining qimmatli ma’lumotlarini yozib qoldirgan. Uning yozishicha, mavlono Lutfiy yosh Alisherning "Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh, Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh..." matla’li g‘azalini tinglab: "Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim..." degan ekan.

Mavlono Lutfiyning bu yosh shoirga bo‘lgan hayrati va e’tirofi bugun barchamiz uchun ham qadrli. Chunki Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodi faqat o‘zbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o‘rin egallaydi. "Xamsa", "Tarixi muluki Ajam", "Holoti Sayyid Hasan Ardasher", "Risolai muammo", "Majolis un-nafois", "Munshaot", "Mezon ul-avzon", "Holoti Pahlavon Muhammad", "Nasoim ul-muhabbat", "Devoni Foniy", "Tarixi anbiyo va hukamo" kabi bebaho meros adabiyotimizning ma’naviy boyligidir.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida she’riyat mulkining sultoni qoldirgan ulkan merosni o‘rganish va tadqiq qilishning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida so‘z bordi.

Milliy kutubxonaga 1948-yili ulug‘ bobomiz nomi berilgan. Bu maskanning «Nodir nashrlar» bo‘limida Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari saqlanmoqda.

– Navoiy she’riyatning 16 xil janrida ijod qilgan, – deydi tadbir ishtirokchisi Izzatillo Musayev. – Uning g‘azal, ruboiy, tuyuq, fard, qit’a, muxammaslarini o‘qib, bu kabi janrlarda hech bir shoir Navoiydek ijod qilmaganini anglaymiz. "Umidim uldurki va hayolimga andoq kelurki, so‘zim martabasi avjdan quyi enmagay va yozgan asarlarimning tantanasi a’lo darajadan o‘zga yerni yoqtirmagay", deb yozgan edi buyuk shoir. Bugun chindan ham shoir asarlari dunyo bo‘ylab yuksak parvoz etmoqda. Ahli jahon uning ma’naviyat chashmasidan bahramand bo‘lmoqda.

Tadbir doirasida she’riyat kechasi, Navoiy ijodiga oid film namoyishi va kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shoir g‘azallari bilan aytiluvchi qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
9 636