Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2018 15:56 Chop etish versiyasi

Alisher Navoiy Amir Temur haqida

Alisher Navoiy Amir Temur haqida
9-aprel – Amir Temur tavallud topgan kun

Mustaqillik davri navoiyshunosligida, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, “mumtoz siymo” Sohibqiron Amir Temur va temuriylarning adabiyotga, san’atga, madaniyatu ma’rifatga e’tibori to‘g‘risidagi dastlabki tadqiqotlardan biri atoqli navoiyshunos Abduqodir Hayitmetovning “Temuriylar davri o‘zbek adabiyoti” nomli kitobidir. Keyinchalik atoqli adib va adabiyotshunos Pirimqul Qodirov o‘zining “Til va el: Temuriylar davridagi mumtoz adabiy tilimiz muammolari” nomli ilmiy tadqiqotini yaratdi. Bu an’ana davom etib, ba’zi navoiyshunoslar tomonidan temuriylar bilan bog‘liq u yoki bu darajadagi tadqiqotlar amalga oshirildi.

Temuriylar davrida yetishgan zabardast so‘z san’atkorlaridan biri – bu Alisher Navoiydir. U o‘zining “Xamsa” (1483–1485), “Tarixi muluki Ajam” (1488), “Majolis un-nafois” (1490–1491), “Nasoyim ul-muhabbat” (1495–1496), “Soqiynoma”, “Muhokamat ul-lug‘atayn” (1499), “Munshaot” (1498–1499), “Holoti Pahlavon Muhammad” kabi o‘ndan ortiq durdona asarlarida Amir Temur shaxsi, faoliyati, fazilati haqida fiqra, bob, bayt shaklidagi ma’lumotlarni keltirganki, foydali pandu maslahatlar ilova qilingan bunday badiiy lavhayu chizgilarni yaxlit holda ramziy ma’noda Navoiy “Temurnoma”si deb nomlash mumkin.

Biz Alisher Navoiy bitib qoldirgan bunday poetik lavhayu chizgilarni uch guruhga bo‘lib tasnif qildik: birinchisi, Navoiy Amir Temurni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, poetik ishoralarsiz Sohibqiron, shoh, hukmdor, shohi komron, jahon xoni, to‘rt ulus xoni, bek, shohi islompanoh kabi so‘z va iboralar bilan sifatlab tasvirlagan. Ikkinchisi, Navoiy o‘z asarlarida Amir Temurni temuriylar haqidagi bob yoki izohlarda yashirin talmeh yoki metonimiya vositasida yodga oladi. Ayniqsa, “Xamsa” muqaddimasining Husayn Boyqaro, Badi’uzzamon Mirzo, Shohg‘arib Mirzo, Muzaffar Husayn Mirzoga bag‘ishlangan boblarida bu an’anaviy uslubdan mahorat bilan foydalanganini ko‘rishimiz mumkin. Bu esa ustoz A.Hayitmetovning “Biz bu o‘rinda Navoiyning fikrlarini rivojlantirib, Temurning ta’siri faqat Sulton Husayn Boyqaroga emas, balki hamma temuriylarga ham qaysi bir muddatda o‘tgan, deyishga moyilmiz”,  деган fikrlarini yodga soladi.

Uchinchisi, Navoiyning o‘z asarlarida fikrlari isboti uchun boshqa ijodkorlarning temuriylarga oid qarashlari aks etgan she’rlariga murojaat qilishi. Ushbu kuzatishlarimizning yorqin misoli Navoiyning “Holoti Pahlavon Muhammad” asaridir. Unda shoir ustozining musiqa nazariyasi haqidagi bilimlarini har tomonlama baholar ekan, mumtoz musiqa yo‘llaridan biri “saydi g‘azol”ga to‘xtaladi va uning bozgo‘y (ashulada biror so‘z yoki she’rni takror aytish)da aytgan forscha baytida Sulton Husayn Boyqaroning to‘rtinchi otasigacha tilga olganligi haqida ma’lumot berib, uni yuksak baholaydi: “...inson olamida bu ikki baytdek oz aytibdurki, mamduh(madh qilinuvchi – B.R.)ning to‘rtinchi otasig‘acha zikr bo‘lmish bo‘lg‘aykim:

Sulton Husayn xusravi g‘oziy, ki misli o‘
Hargiz nabuda dar sadafi ro‘zgor dur.
Shoh ast shahriyor padar bar padar, ki hast
Mansur Boyqaroyi Umarshayxi bin Temur”.

Mazmuni: “Sulton Husayn muzaffar podshohdir, olam sadafi uningdek durni hech qachon ko‘rmagan; Mansur Boyqaro Umarshayx bin Temurgacha bo‘lgan ota-bobolari kabi u ham shohlar shohidir”.

Navoiyning Sohibqiron Amir Temurga oid chizgilarini birma-bir tahlil va talqin qilishga harakat qilsak.

1. Navoiy “Hayrat ul-abror”da tasvirlangan uch badiiy lavhada u tabarruk zotni tilga oladi. Birinchisi, Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan an’anaviy bobda “Etti otosig‘a degin xon kelib” degan misra xarakteridagi xabarida Amir Temurga ishora qiladi. Ikkinchisi – dostonning vafo haqidagi bobiga tamsil qilingan hikoyatda To‘rt ulus xoni Temur Ko‘ragon, bek, shoh nomi bilan besh o‘rinda uni yodga oladi. Shu bilan birga Navoiy “Vafo va afv odil podshohlar odati va yo‘llaridir” degan qadimiy hikmatni ham eslatish barobarida afv, ahd, kechirimlilik, vafo kabi fazilatlarni barcha uchun, ayniqsa, hukmdorlar hamda temuriy shahzodalar uchun targ‘ib va tarannum qilganligini anglash mumkin. Uchinchisi, Navoiy dostonning o‘n to‘rtinchi maqolatida murakkab talmeh turidan unumli foydalanib, 13 nafar shoh – “dodgaru mulk”larni nom-banom sanaydi. Ularni “Dodgaru mulk-panoh erdilar” deb tasvirlaydi va bu tasvirlarda o‘zining ular bu o‘tkinchi dunyodan “xoli ilik bilan ketdi”, “Ko‘rki qayon bordi?” degan chuqur falsafiy ma’noga ega bo‘lgan hayotiy asosga qurilgan didaktik fikrlarini ta’kidlab ko‘rsatadi. U lirik tasvirga asoslangan o‘z xotimasini Chingizxon hamda Amir Temur nomlari bilan yakunlaydi va Amir Temurni “jahon xoni Temur Ko‘ragon” deya tanishtirishni ma’qul deb biladi:

Qani jahondovari Chingizxon?
Qani jahon xoni Temur Ko‘ragon?


O‘zining “Birga vafo aylamadi charxi dun” kabi fikrlaridan qoniqmagan, shekilli, mutafakkir bu fikrlarini izchil davom ettirib, dostonning keyingi bobida bayon qilgan Iskandarning vasiyatida tasvirlagan “xoli ilik” timsoli yordamida navoiyona uslubda chiroyli xulosalaydiki, ushbu bayti ana shunday holat tasviriga juda mos:

Kimki jahon mulki havasdur anga,
Ushbu ilik tajriba basdir anga.


2. “Farhod va Shirin” dostonida Sulton Husayn Boyqaroning o‘g‘li Abulfavoris Shohg‘arib Mirzoga bag‘ishlangan alohida faslda shahzodani madh etish bilan birga, uni ogohlikka, hushyorlikka undab yozgan shohbaytida:

Erursen shoh – agar ogohsen sen,
Agar ogohsen sen – shohsen sen, –


deya pandu nasihat qilar ekan, uning ilm-fanni ishtiyoq va havas bilan istashi, o‘rganishini ulug‘lab va shunga da’vat etib, Ulug‘bek Mirzoning nomini tamsil qiladi va Ulug‘bek Mirzoning ilm-fanga, dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini faxr-iftixor bilan shahzodaga eslatadi. Shu o‘rinda shoir “Temurxon naslidin” deya donishmand shoh Ulug‘bekning temuriy ekanligiga, ilmparvar, donishmand shoh sifatida rasadxona qurdirgani, samoviy jismlarni o‘rganib, jumladan, 1018 ta yulduz tadqiqoti haqidagi “Ziji Ko‘ragoniy” nomli mashhur ilmiy asar bitganiga ishoralar qiladi. Navoiyning matnda Ulug‘bek Mirzoni “Temurxon naslidin” (matnda shoir avlodidin so‘zi o‘rniga naslidin so‘zini juda topib ishlatgan – B.R.) deya yodga olishining ikki jihati bor. Birinchidan, Amir Temurni eslash bilan unga hurmat ko‘rsatish bo‘lsa, ikkinchidan, bu tasviru izohda Ulug‘bek Mirzo Amir Temurning sevimli nabiralaridan biri ekanligiga alohida ishoralar borligini bilishimiz mumkin. Fasl xotimasida esa shoir ustalik bilan shahzodaga “Qadimiy qullug‘um haqqini yod et!” deya qilgan murojaatu istagida ham Amir Temur va temuriylarga o‘zining hurmati cheksizligini ta’kidlagandek, ko‘rsatgandek bo‘ladi, shuningdek, u shahzodaga qilgan pandu nasihatlari har dam, har doim unga naf keltirishini ishonch bilan eslatadi.

3. Navoiy “Layli va Majnun”ning VII bobida Sulton Husayn Boyqaro sha’niga madhiyalar o‘qiydi, uni ko‘klarga ko‘taradi, ayni paytda uning shohlar avlodidan ekanini ta’kidlash uchun “zoti poki” iborasini ishlatadi va uning tagli, taxtli shoh temuriyzoda ekani haqida ishora yo‘li bilan shunday yozadi:

Olam uza shoh zoti poki,
Darvesh zamiri dardnoki.


4. “Sab’ai sayyor”dagi Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan IX bobda berilgan “ham ato xonu, ham ango ano xon” xabarida ota tarafidan Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx Mirzoga, ona tarafidan esa Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh Mirzoga nabiraligi, ya’ni ikki tomonlama temuriyzodaligiga, Bobur Mirzo tili bilan aytganda “karim ut-tarafayn, asil podshoh” ekanligiga urg‘u bergan. Xon so‘zi yordamida shoir o‘zining badiiy mahoratini ko‘rsatgani – birinchidan, matnda uch marta xon so‘zini takror ishlatib, takrir san’atini, ikkinchidan esa xon so‘zi vositasida betakror radiflar ijod qilgan:

Ham ato xonu ham anga ano xon,
Yo‘q jahonda aning kibi yano xon.


Alqissa, Navoiy boshqa she’rlari tarkibida ham “xon bin xon nasabing” kabi e’tiroflarini ko‘p o‘rinda qo‘llaganini ko‘rishimiz mumkin.

5. “Saddi Iskandariy” dostonining Husayn Boyqaroga bag‘ishlagan IX bobida uning temuriylar avlodi ekanligiga “ofoq oro zebu zayn”, “bin xoni” kabi sifatlashlari orqali ishora qiladi. U barcha shohlarning eng ulug‘i, u shariat rasmini ustuvor etgan Abulg‘oziy (ya’ni urushlarda g‘olib chiqqan), mavjudligi dunyoning zeb-ziynati bo‘lgan ulus xoni xon o‘g‘li Sulton Husayn Boyqaro, deya ham to‘liq ismi, ham laqabi bilan qo‘llaydi va Sulton Husayn Boyqaroning temuriy ekanligini turli tomondan sifatlagan:

Bori shohlarning sarafrozi ul,
Shahi shar’oyin Abulg‘ozi ul.
Vujudidin ofoq aro zebu zayn,
Ulus xon bin xoni Sulton Husayn.


Mazkur dostonning X bobi Sulton Badi’uzzamon Mirzo madhi bo‘lib, “Maloik sifot pok zoting sening” deya shoir “pok zoting” birikmasi vositasida uning sof aslzoda temuriy shahzodaligiga urg‘u beradi.

6. Navoiy o‘zining “Tarixi muluki Ajam” asarini nasriy usulda yozgan bo‘lsa-da, asarning yakuniy qismini she’riy shaklda, ya’ni masnaviy bilan xotimalaydi. Ushbu qismda shoir shunday yozadi: “Agar Xudoyim umrimni ziyoda qilsa, umrim menga vafo qilsa, navbatdagi katta, zo‘r ijodiy ishim uning (Husayn Boyqaroning – B.R.) ajoyib voqea-hodisalarga boy sermazmun hayoti tarixini qiziq, chuqur ma’noli so‘zlar yordamida yozib kelajak avlodga qoldirishdir”:

Vale azmim endi budurkim, Xudoy
Agar bo‘lsa umrumg‘a muhlatfizoy,
Chekib turfa tarixingg‘a xomani,
Qilib nuktag‘a tez hangomani, –


degan ijodiy rejasidan, ya’ni Husayn Boyqaro tarixi haqida alohida tarixiy asar yozishidan xabardor qilgan va ushbu masnaviyda Navoiy “Berib zikr obovu ajdod anga” degan misrasi bilan diqqatimizni tortadi. Bu bilan uning ota-bobolari, jumladan, to‘rtinchi otasi Amir Temur tarixi haqida ham alohida to‘xtalishini qayd etgan. Demak, Alisher Navoiy Husayn Boyqaro haqidagi tarixiy asarining ma’lum bir dastlabki qismi yoki boblarini Sohibqiron Amir Temur tarixiga bag‘ishlashini ishonch bilan aytib o‘tgan, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Chunki “Tarixi muluki Ajam” va “Tarixiy anbiyo va hukamo” kabi tarixiy asarlarida o‘z bilimi va mahoratini namoyon qilgan Navoiy umuman tarix fanini yaxshi bilgan. Shahzodalarga va kelajak avlodga yozib qoldirgan nasihatlarining ko‘p o‘rinlarida ham u tarixni yaxshi o‘rganishga, bilishga, tarixdan saboq olishga chaqiradi, maslahatlar beradi. Qaysidir ma’noda u bizni o‘zining temuriylar tarixi bilimdoni bo‘lganidan voqif qiladi.

7. Ma’lumki, Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining yettinchi majlisini to‘laligicha Amir Temurga bag‘ishlagan va o‘zi she’r aytishga mayl ko‘rsatmasa ham, fikrlarining isboti uchun boshqa shoirlarning baytu hikmatlarini joyi va vaqtini topib keltirishdagi mahorati tufayli “Majolis un-nafois” tazkirasida Amir Temurni ijodkor temuriylar qatorida zikr etadi. A.Hayitmetovning “Aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming yaxshi bayt aytqoncha bor...” nomli maqolasidan ta’sirlanib, mazkur fiqrani biz bir-ikki maqolamizda tahlil qilishga harakat qilganmiz. Ammo keyingi kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, ba’zi tarixiy manbalar, jumladan, tarixchi Muiniddin Natanziy ma’lumotlari asosida ushbu majlisda Alisher Navoiy tomonidan yoritilgan syujetni to‘la ma’noda tarixiy voqea deyishimiz mumkin: “Soinqal’a manziliga kelib tushganda, xushqomat amirzoda Mironshoh shunday bir holatda istiqbolga chiqdiki, uni oldindan taniydiganlar unga qarab o‘z ko‘zlariga ishonishmasdi. Sulton Sohibqiron uni shu qadar xarob va tushkun ahvolda ko‘rib, hasrat qo‘lini boshiga urib, taassuf ko‘z yoshlarini to‘kdi. Ammo ixtiyor jilovi qo‘lidan chiqib ketgani uchun chora topolmadi”.

8. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida Amir Temurni uch o‘rinda Temurbek nomi bilan tilga olgan. Biz ushbu chizgilarni alohida bir maqolamizda yoritganmiz.

9. Alisher Navoiyning “Favoyid ul-kibar” devonidan o‘rin olgan “Soqiynoma”sining I bobida u Amir Temurni Temur – islompanoh shoh, ya’ni shohi g‘oziy nomi bilan tilga oladi, uning “din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochgan”ligiga urg‘u beradi:

Qani Temur – shahi islompanoh
Ki, jahon oldi chekib xayli sipoh.

Bu baytni Navoiyning “Hayrat ul-abror”i XIV maqolotida berilgan o‘ndan ziyod shohlar zikri va olg‘a surgan ijtimoiy fikrlarining mantiqiy davomi deyishimiz mumkin. Chunki mazkur bobda u o‘n uch nafar shohni birma-bir tilga oladi va dunyoning o‘tkinchiligi shohu gado uchun birday ekanligi haqida “Kim, ne shah qolg‘usi boqiy, ne gado” deya urg‘u beradi. Sulton Husayn Boyqaroni adl, dod, ehson bilan davlatni boshqarishga undaydi. “Soqiynoma”ning XVII bobida esa yashirin talmeh san’atini qo‘llab, Amir Temurni faqat Ko‘ragon unvoni bilan Ko‘ragon taxti, Ko‘ragon iqboli birikmalari vositasida zikr etadi:

Anglading shohlig‘ ahvolini ham,
Ko‘ragon taxtiyu iqbolini ham.


10. “Muhokamat ul-lug‘atayn”da Alisher Navoiy Amir Temurni bir izohida esga oladi. Ya’ni shoir o‘z asarida forsiy va turkiy tilni muhokama qilar ekan, u turkiy (o‘zbek) tilining ravnaqida shohu ijodkorlarning alohida roli va xizmati, e’tibori borligini va turkiy tilda qalam tebratuvchi shoirlarning paydo bo‘lgani haqida uch hukmdor zamoni misolida ta’kidlab ko‘rsatar ekan, Amir Temurni ko‘ragonlik unvoni bilan Temur Ko‘ragon deb eslaydi: “To mulk arab va sort salotinidin turk xonlarg‘a intiqol topti, Huloguxon zamonidin Sultoni sohibqiron Temur Ko‘ragon davronig‘acha turk tili bila andoq shoir paydo bo‘lmadikim, ta’rif qilg‘ucha asar zohir bo‘lmish bo‘lg‘ay. Va salotindin ham andoq nima manqul emaski, birov qoshida aytsa bo‘lg‘ay. Ammo Sulton sohibqiron Temur Ko‘ragon zamonidin farzandi xalafi Shohrux Sultonning zamonining oxirigacha turk tili bila shuaro paydo bo‘ldilar. Va ul hazratning avlod va ahfodidin ham xushtab’ salotine zuhurg‘a keldi: shuaro Sakkokiy va Haydar Xorazmiy va Atoiy va Muqimiy va Yaqiniy va Amiriy va Gadoiydeklar”.

11. “Munshaot” asarining 56-maktubida Navoiy o‘z haddi doirasida “Kichiklardan itoat, ulug‘lardan inoyat” degan hikmatni unutgan, shoh otaga itoatda, xizmatda, hurmatda, ehtirom ko‘rsatishda xatoga yo‘l qo‘ygan Badi’uzzamon Mirzoga adab beradi. Shahzodaning qalbini hidoyat nurlari bilan yoritishga intiladi. Navoiy uni otasi Sulton Husayn Boyqaroni hurmat qilishga chaqirar, undar ekan, turli munosabat-masalalarda o‘zining purma’no tanbehlarini bayon qiladi. Bir o‘rinda uning toju taxt odobiga xilof xatti-harakatda bo‘lib, hurmatsizlik bilan o‘z otasi nomini, nishoni tug‘rosi (podshohning yorliq, farmon va qarorlari yozilgan qog‘ozning tepasiga tushirilgan maxsus bezakli belgi)dan chiqarganligini qattiq tanqid qiladi. Ushbu tanbehdan shuni anglashimiz mumkinki, o‘zi katta umid bog‘lagan valiahd shahzodadan Navoiyning dili yaxshigina og‘rigan bo‘lsa kerak. P.Qodirov mazkur maktubda qo‘llangan so‘z va iboralar poetikasiga alohida to‘xtalib, shunday yozgan: “Navoiy bu so‘zlarni ota-bolaga joni kuyganidan yozgani uning o‘ta ta’sirchan so‘z va iboralaridan sezilib turadi”. Ishonchli manbalarda yozilishicha, u keyinchalik qator baxtsizliklarga duchor bo‘ladi.

Amir Temur Husayn Boyqaroga to‘rtinchi ota bo‘lsa ham, har juma kuni xutba (juma va hayit kunlarida xutba o‘quvchi, ya’ni xatib tomonidan minbarga chiqib, diniy va dunyoviy pand-nasihat so‘zlarni aytish va bu aytish vaqtida mamlakat podshohining nomi qo‘shilar edi)da Amir Temur nomi bilan o‘qilishini eslatadi va matnda Navoiy Sohibqironni Temurbek, bek shaklida ikki marta tilga olgan, Badi’uzzamon Mirzoni otasiga munosabatda hushyorlik va ehtiyotkorlik bilan ish tutishi borasida ogohlantirgan. Chunonchi: “Mirzog‘a Temurbek to‘rtunchi nasabdur. Mirzo xutbada bekning otig‘a sharif ruhig‘a masjidi jome’da har odina kuni duo qildururlar. Bu ishda Mirzog‘a ham duodin o‘zga ne kelgay. Siz nishoningiz tug‘rosidin Mirzoning muborak otin chiqorursiz. Kerak Iroqdin Makka, balki Mag‘rib zaming‘acha olsangiz, bu voqea bo‘lmasa erdi. Agar Mirzoni zaif xayol qilibsiz – Tengri taolo qaviydur. Farzand kerak zaiflig‘ida otasig‘a xizmat mahallin toptim deb, jonsiporlik qilsa”.

Yana bir holatni alohida qayd qilish lozimki, Navoiy “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat” tazkiralarida keksa muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyga alohida fasllar bag‘ishlaydi va bu bag‘ishlovlarda ham uning boshqa asarlari qatorida o‘zi qayta-qayta sevib mutolaa qilgan Amir Temurga bag‘ishlangan “Zafarnoma” tarixiy asarini tilga olishi hamda “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Munshaot”, “Xamsat ul-mutahayyirin” asarlarida ham keksa muarrixni va uning asarini eslashini ham, bir tomondan, Navoiyning Sohibqiron Amir Temurga oid betakror chizgilari deb baholashimiz, ikkinchi tomondan esa zamondoshlarimizning ba’zi noxolis yoki aniq tarixiy ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilishining oldini olishi mumkin. Masalan, xuddi shunday ikki tomonlama kamchilikka yo‘l qo‘ygan A.Ibrohimovni taniqli navoiyshunos olim I.Haqqul o‘zining “O‘zbek tasavvuf she’riyatining o‘rganilishi xususida” nomli maqolasida juda o‘rinli tanqid qilgan edi. Shu o‘rinda ustoz I.Haqqul ham Sharafiddin Ali Yazdiy Amir Temurga bag‘ishlab yozgan “Zafarnoma” asarini oqqa ko‘chirib tugatgan 1424–1425 yilda Abdurahmon Jomiy(1414–1492) 12 yoshdagi o‘spirin bir bola bo‘lganligini, o‘spirin bir bolaning esa Sohibqiron Amir Temur tarixini yozgan taniqli muarrixni, amaldagi davlat kishisini bunday kurakda turmaydigan, ahmoqona koyishlarini ikki dunyoda ayta olmasligini alohida ta’kidlab ko‘rsatgan, tanqidchining ilmiy hamda amaliy javobi o‘z yakuniy maqsadiga yetgan bo‘lardi.

Navoiy ijodi badiiy, tarixiy, ma’rifiy jihatining bir muhim ahamiyati shundaki, mutafakkir shoir o‘z asarlari orqali kitobxonga badiiy zavq, ruhiy quvvat, shuur, ma’rifat berish bilan birga, uni ko‘plab tarixiy shaxslar, siymolar hayoti va faoliyati bilan ham tanishtiradi. Shunday ekan, ulug‘ Navoiyning o‘z ijodi orqali Sohibqiron Amir Temur shaxsi, faoliyati, fazilatiga doir ayrim chizgilar bilan tanishtirishni ham aslida muhim adabiy-tarixiy hodisa, ya’ni adabiyot va tarix fanlari uchun qimmatli ma’lumot va dalillar deb baholashimiz mumkin.

Burobiya Rajabova,
филология fanlari nomzodi,
O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori 
instituti katta ilmiy xodimi.

O‘zA
4 133