Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.12.2017 17:20 Chop etish versiyasi

Adabiyot gulshani. Alisher Navoiy g‘azallari

Yaqin kunlarda O‘zA saytida “Adabiyot” ruknini tashkil etish rejalashtirilgan. Unda mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz vakillarining asarlaridan namunalar havola etib boriladi. Yangi loyiha avvalida Siz – mushtariylar e’tiboriga Alisher Navoiy g‘azallaridan taqdim qilmoqdamiz.

Alisher Navoiy

G‘AZALLAR

Do‘stlar, olam eliga yoru hamdam bo‘lmangiz,
Yor ila hamdam demaykim,oshno ham bo‘lmangiz.

Oshnolig‘ aylabon o‘z joningizga har zamon,
Boisi yuz ming balovu mehnatu g‘am bo‘lmangiz.

Yeb pariyvashlar firebin, so‘ngra topmay iltifot,
Men kibi devonavu rasvoyi olam bo‘lmangiz.

Vaslu aysh obod qilsun xalqni,ey dardu g‘am,
Siz buzug‘ ko‘nglumdin o‘zga yerga marham bo‘lmangiz.

Ey visol ahli,ul oyning dardi hajridin meni,
Ko‘p ko‘rub g‘amnok siz ham asru xurram bo‘lmangiz.

Ey xarobot ahli, yo‘q insonda imkoni vafo,
Mastlig‘din dev o‘lung, zinhor odam bo‘lmangiz.

Gar Navoiy vasl aro bo‘ldi zalil,ey ahli vasl,
Emdi navbat sizgadur, muncha muazzam bo‘lmangiz.

***

Ey sabo, holimni arz et gulruxu tannozima,
Egma qaddimning salomin ayt sarvinozima.

Ayt ko‘ptin ko‘pu ozdin oz ashkim sharhini,
Dardu sabrim naqdi sadqang, boqma ko‘pu ozima.

Chunki o‘lgum yoshurun ishqim bayon qil shammas,
Voqif etma lek ishqi ahlin bu maxfiy rozima.

Novakandozimki elni yiqti ko‘p andozadin,
Vahki, emdi tortmish novak mening andozima.

Ul kabutarg‘a fido jonimki, shavqum nomasin,
Qilsa taslim eltibon sho‘xi kabutarbozima.

Changdek g‘am bazmida qaddim ham o‘ldi, ey rafiq,
Ashk har toridin ortar nolaye bu sozima.

Ey Navoiy, ishq aro qochma balodin zinhor,
Chunki oshiqqa balokashlik kelibtur lozima.

Toshkentdagi “Tamaddun” nashriyotida 2011-yilda chop etilgan
Alisher Navoiy asarlari to‘plamining 2-tomidan olindi.

O‘zA
5 650