O‘zA O`zbek

08.02.2018 09:00 Chop etish versiyasi

Adabiyot gulshani

Navoiy.jpg

Alisher Navoiy

Ko‘nglum o‘tidin yig‘och kuldur ...

Vahki ishqing zohir etsam, vahm erur o‘lmak manga,
Gar nihon tutsam dag‘i jon xavfidur beshak manga.
Kelgan ermish ul Masih o‘lganlarin tirguzgali,
Men tirig, vah, yaxshiroq bu umrdin o‘lmak manga.
Juzv-juzvumni, fig‘onkim, munfak etti tiyg‘i hajr
Bir-biridin lek o‘zidur juzvi loyanfak manga.
Ko‘nglum o‘tidin yig‘och kuldur, bashoq bir qatra su,
Nogah ul sho‘xi jafokesh otsa bir novak manga.
Oltun ezinib-erib kuygan sayu xolis bo‘lur,
Ne ajab sarg‘arsa yuz, yetkan sayu emgak manga.
Chok aylarmen yoqa ul qoshi yoni ko‘rgach-o‘q,
Kim xadangin otsa hoyil bo‘lmag‘ay ko‘nglak manga.
Boda hajridin oqarmish ko‘zlarim, ey piri dayr,
Aylagil may shishasidin sindurub aynak manga.
Sarsari hijron, vujudum xirmanin andoq sovur
Kim, fano yo‘lida sarsar bo‘lmasun hamtak manga.
Ey Navoiy, gar manga ko‘prak emas ummidi vasl,
Bas nag‘u ushshoqidin javri erur ko‘prak manga.

Lug‘at:
Vahm – vahima, qo‘rquv.
Beshak – shak-shubhasiz.
Munfak – bo‘lib tashlangan.
Juzvi loyanfak – bo‘linmas zarra; atom.
Jafokesh – jafo yetkazishga odatlangan, jafokor.
Novak – kichik o‘q.
Sayu – sari.
Emgak – azob, mashaqqat.
Xadang – katta o‘q.
Hoyil – to‘siq, parda.
Sarsar – kuchli va sovuq shamol; izg‘irin.
Hamtak – teng yuguruvchi.
Nag‘u – qanday qilib; nega.
Baytlarning nasriy bayoni:

Agar ishqingni oshkor etsam, o‘lib qolaman, deb qo‘rqaman; mabodo agar pinhon tutishda davom ettirsam, halok bo‘lishimga shubha yo‘q.

Ul Isonafas o‘lganlarni tiriltirish uchun kelgan emish; men haliyam tirik yuribman, bu kunimdan ko‘ra o‘lganim yaxshiroq.

Fig‘onkim, hijron qilichi butun vujudimni bo‘lak-bo‘lak qilib tashladi. Lekin menga ular bo‘linmas zarra (atom)dek maydalanib ketib, qayta tiklanmaydigandek ko‘rinyapti.

Jafokorlikka o‘rgangan ul sho‘x agar menga bir o‘q otgudek bo‘lsa, ko‘nglimdagi o‘t ta’siridan bu o‘qning uchi – boshog‘i suvdek erib, yog‘ochi yonib kul bo‘ladi.

Agar ishq mashaqqatidan yuzlarim borgan sari sarg‘ayib ketsa, ajabmas, chunki oltin ham olovda ezib, eritgan sari g‘ashlardan tozalanib, xolisroq bo‘ladi.

Ul qoshi kamonni ko‘rgan zahoti yoqamni yirtib tashlayman, toki o‘qiga mening ko‘ylagim to‘siq bo‘lmasin.

Ey dayr piri, sharob yo‘qligidan ko‘zlarim oqarib ketdi, endi may shishasini sindirib, menga aynak yasab ber.

Ey hijronning sovuq izg‘irini, mening vujudim xirmonini fano dashtiga shunday sovurkim, hatto izg‘irin bu xirmon gardini izlab topolmasin.

Ey Navoiy, agar vasl umidi boshqalardan ko‘ra menda ko‘p bo‘lmasa, ne uchun boshqa oshiqlaridan ko‘ra menga ko‘proq jafo qiladi?!

G‘azalning umumiy mazmun-mohiyati:

Majoziy ishq talqinidagi risolalarga ko‘ra, muhabbat dastlab kuchli mayl shakli o‘laroq vujudga kelib, ikkinchi bosqichda oshiq bu tuyg‘uni inkor etishga kirishadi. Ammo shamolning esishi kuchsiz uchqunlarni so‘ndirib, kuchli olovlarni battar alangalatganidek, haqiqiy muhabbat inkor etilgani sayin yanada quvvat olib, ko‘ngildagi iztirob va beqarorlik, talpinish va ishtiyoq otashi halovat uyini barbod qiladi. Oshiq shunday bir holatga tushadiki, ishqning izhori ham, pinhon tutish ham unga jon evaziga amalga oshishi mumkinligi ko‘ziga yaqqol namoyon bo‘ladi:

Vahki ishqing zohir etsam, vahm erur o‘lmak manga,
Gar nihon tutsam dag‘i jon xavfidur beshak manga.

Dunyodagi eng buyuk sir – Ishq asrorini dildan tilga keltirish mushkulotiga ro‘baro‘ kelgan oshiq muammoning yechimini topganday: isonafas mahbuba qurbon bo‘lgan o‘liklarni tiriltirish niyatida ishq ko‘yiga yo‘l oladi. Haligacha muhabbatini izhor etolmasdan, tiriklar safida yurgan oshiq uyat va xijolatdan endi ming o‘limga rozi:

Kelgan ermish ul Masih o‘lganlarin tirguzgali,
Men tirig, vah, yaxshiroq bu umrdin o‘lmak manga.

“Men tirik”, deya xijolatda qolgan oshiqning ahvoli aslida o‘liklardan battar: hijron tig‘i jismini bo‘linmas zarra (atom)larga bo‘lib, maydalab tashlagan. G‘uluv darajasidagi bu mubolag‘ali tasvir hijronning azobi oshiqning jon-jonidan o‘tib, butun vujudini qamrab olgani, bu dard endi vujudning bo‘linmas qismiga aylanganini ifodalashga xizmat qilgan:

Juzv-juzvumni, fig‘onkim, munfak etti tiyg‘i hajr
Bir-biridin lek o‘zidur juzvi loyanfak manga.

Bunday mubolag‘ali tasvir keyingi baytda ham qo‘llaniladi: hijron tig‘ining zarbidan eng mayda zarrasigacha dardga yo‘g‘rilgan, butun vujudi dardga aylangan oshiqning ko‘nglida ishq otashi shunchalik shiddat olgankim, agar mabodo mahbuba unga qarata o‘q otgudek bo‘lsa, bu o‘qning cho‘pi kulga, temirli uchi erib, bir tomchi suvga aylanadi. Qalbdagi ishq o‘ti asilni qalbakidan, misni oltindan ajratuvchi sinov otashidir. Shu sababli, majnunsheva oshiqning muhabbat ko‘yida yetgan turli mashaqqatlar asoratidan yuzining sarg‘aygani ham olovda toblanib, turli chiqindi va g‘ashlardan tozalangan oltinga mengzaydi. Ishq dardi va balolariga odatlangan oshiq endi agar mabodo o‘z qoshikamonini ko‘rib qolgudek bo‘lsa, yoqasini chok etadi. Bu yoqavayronlik faqat ishq jununining g‘alayonidan nishona emas, balki muhabbatning navbatdagi o‘qi ko‘ngilni nishonga olganda dunyo matohi – ko‘ylak orada to‘siq bo‘lmasligi kerak. Navoiy bu chiroyli o‘xshatma orqali haqiqiy muhabbat yo‘lida dunyoning eng arzimagan matohi ham katta g‘ov bo‘lishi, ishq dardi ruhoniyat olamiga daxldor tuyg‘u ekanligini ifodalab bergan:

Chok aylarmen yoqa ul qoshi yoni ko‘rgach-o‘q,
Kim xadangin otsa hoyil bo‘lmag‘ay ko‘nglak manga.

Oldingi baytlarda hijron tig‘i va yorning “o‘q”i haqida so‘z yuritilgan bo‘lsa, yettinchi baytda navbatdagi an’anaviy timsollar – “piri dayr” va “boda” timsollari qo‘llanilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu safar ham shoir an’ana zamirida yangilik yaratish masalasida benazir ekanligini isbotlagan. Baytdagi tasvirga ko‘ra, sharobni kutaverib, shoirning ko‘zlari oqarib ketganligi sabab, dayr piridan may shishasini sindirib, unga ko‘zoynak yasab berishni iltimos qiladi. May shishasi rangsiz bo‘lib, ichidagi sharobning rangiga qarab tovlanishiga ishora qilgan holda Navoiy dayr piri yasab bergan ko‘zoynak tufayli olamdagi narsalarni qanday bo‘lsa, o‘z holicha ko‘rish ishtiyoqida ekanligini bildiradi. Bundan anglashiladiki, Navoiy istayotgan boda – olam va odamning asl mohiyatini anglashga yordam beradigan ma’rifat bodasi bo‘lib, bu boda (ma’rifat)ning rangi va jilosi qanday bo‘lsa, shunday ko‘ra oladigan “aynak” – basirat ko‘zini ochuvchi madad lozim:

Boda hajridin oqarmish ko‘zlarim, ey piri dayr,
Aylagil may shishasidin sindurub aynak manga.

Basirat ko‘zi ochilgan oshiq o‘zining haqiqiy ahvolidan ogoh bo‘lib, fano manziliga yuz buradi. Ammo bu yo‘lda unga yagona hamroh – hijron shamoli. Muhabbat yo‘lida fano bo‘lish ishtiyoqi lirik qahramonda shunchalik balandki, hijronning shamoli yordamida borliqdan xabar beruvchi vujudning xirmoni hali fanoning shamoli esmasdan barbod bo‘lishini istaydi. Bu o‘xshatma oriflar nazdida mashhur bo‘lgan “mutu qabla an tamutu” (“O‘lmasdan burun o‘lingiz”) hadisining ma’nosiga dalolat qiladi:

Sarsari hijron, vujudum xirmanin andoq sovur
Kim, fano yo‘lida sarsar bo‘lmasun hamtak manga.

Fano bo‘lish, vujudning yo‘qlik sahrosida g‘uborga aylanib ketishi – xudkushlik yoki pessimistik kayfiyatning tasviri emas. Fano bo‘lishlik zamirida haqiqiy boqiylikka yetishmoq, o‘tkinchi narsalar, qolaversa, o‘zlikdan voz kechish orqali o‘zlikni anglash, alaloqibat Yaratganni tanish haqiqati yotadi. Haq yo‘li – gullar to‘shalgan tekis va ravon yo‘l emas. Bu yo‘l hamisha tuzoq va to‘siqlar, boshi berk ko‘chalar, adashtiruvchi kuchlar, sabr kosasini sindiradigan toshloqlar, tovonga botgan tikondek madorni so‘radigan xatokorliklarga to‘la. Ammo qancha shu yo‘lda mashaqqat ko‘paysa, asl manzilga yaqin qolganligiga bashoratdir. “Baloning eng ulug‘i payg‘ambarlarga, undan so‘ng u zotlarga yaqin bo‘lgan kishilarga, undan keyin boshqa odamlarga yuboriladi”, deyiladi hadisi sharifda. Demak, inson boshiga qanchalik katta balo sinov tariqasida yuborilsa, demak uning maqomi va martabasi Haq taolo oldida ulug‘ ekan. Shundan ruhlanib, Navoiy o‘z boshiga tushgan sinovlarni ruhbalandlik bilan kutib olib, rizo va shukronalik ohangida g‘azalga nuqta qo‘yadi:

Ey Navoiy, gar manga ko‘prak emas ummidi vasl,
Bas nag‘u ushshoqidin javri erur ko‘prak manga.

Olimjon Davlatov,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA


8 947