Madaniyat

Maftunkor ranglar dunyosi

O‘zA, Nazokat Usmonova, 20.08.2010 19:23

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda yoshlarning ijtimoiy, tibbiy holatidan qat’i nazar puxta ta’lim olishi, milliy qadriyatlarimiz asosida tarbiyalanishi, o‘z bilimi, iste’dodi va qobiliyatini namoyon etishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Har yili mustaqillik bayrami arafasida “Maftunkor ranglar dunyosi” bolalar badiiy ijodiy tanlovining yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishi bu boradagi ezgu ishlarning yana bir dalilidir.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Badiiy akademiya, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, “Sen Yolg’iz Emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan bu yilgi ijodiy ko‘rik-tanlovda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining o‘rinbosari SH.Saidov, O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisi A.Abdusalomov mamlakatimizda aholining kam ta’minlangan, yordamga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga har taraflama ko‘mak ko‘rsatish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilishga oid umummilliy dasturlarni hayotga keng tatbiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Bu yo‘nalishdagi ishlarda tibbiy ko‘makka muhtoj bolalarga ta’lim-tarbiya berish sharoitini yanada yaxshilash, maxsus – inklyuziv ta’limni rivojlantirish, Mehribonlik, Muruvvat uylari, maxsus maktab-internatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ulardagi o‘quv-tarbiyaviy ishlarni yangi pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan qator chora-tadbirlar muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy, tibbiy, psixologik reabilitatsiya qilish, ushbu yo‘nalishdagi muassasalar, tibbiy markazlarni zarur vositalar, qo‘llanmalar, mebel jihozlari bilan ta’minlash, tarbiyachi-pedagoglar, psixologlar, ijtimoiy xizmat mutaxassislarining mehnatini e’zozlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar ayniqsa e’tiborga molikdir.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va bir qator tashkilotlar hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Maftunkor ranglar dunyosi” badiiy ijodiy tanlovi qobiliyatli bolalarning qiziqish va intilishlarini yo‘naltirib borishda alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘n uch yoshli Baxtiyor Qaliyev – Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridan. Jonajon Vatanimiz, uning tabiati manzaralari, obod shahar va qishloqlarimiz, maktab, o‘quvchi-yoshlar hayoti – Baxtiyor chizgan rasmlarning asosiy mavzusini tashkil etadi. Bu suratlar mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan turli ijodiy tanlovlarda musavvir va san’atshunoslar e’tiborini tortgan.

– “Maftunkor ranglar dunyosi” ijodiy tanlovida ishtirok etib, “Dolzarb mavzudagi rasm” nominatsiyasida g‘olib bo‘lganimdan juda xursandman, – deydi B.Qaliyev. – Tanlov sabab poytaxtimizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik, yangi do‘stlar orttirdik, mashhur rassomlarning maslahatlaridan bahramand bo‘ldik. Chizgan rasmlarimiz ko‘rgazmalarda namoyish etildi.

Tanlov doirasida ishtirokchilar yurtimizning yetakchi olimlari, shifokorlari, psixologlari ko‘rigidan o‘tdi, o‘g‘il-qizlarga zarur maslahatlar berildi, tibbiy-davolash muolajalari o‘tkazildi.

Ijodiy bellashuv doirasida bolalar uchun san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert namoyish etildi. Yosh musavvirlar Vatanimiz mustaqilligining 19 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, poytaxtimizning diqqatga sazovor maskanlari, maydonlar, madaniyat va san’at koshonalari bilan tanishdilar.

Tanlov doirasida bolalarning eng yaxshi rasmlaridan iborat badiiy ko‘rgazma tashkil etildi. Birinchi o‘ringa Diyora Haqnazarova (Samarqand viloyati), ikkinchi o‘ringa Ziyoda Isaboyeva (Toshkent shahri), uchinchi o‘ringa Zikrillo Abdulazizov (Andijon viloyati) loyiq topildi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama