Madaniyat

Muzey – tarbiya maskani

O‘zA, M.Sulaymonov, 17.08.2010 16:19

Muzey inson ma’naviy olamini boyitish va unda milliy g‘urur hissini uyg‘otishga xizmat qiluvchi ma’rifat o‘choqlaridandir. Vazirlar Mahkamasining shu yil 12 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi Qonunini ro‘yobga chiqarish uchun zarur bo‘lgan normativ huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi qarori mazkur ma’rifat maskanlari faoliyatini yanada takomillashtirishda dasturilamal bo‘layotir.

Farg‘ona viloyatida bugungi kunda 15 davlat, 29 jamoat muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardagi noyob buyum va osori-atiqalar yosh avlod ongini moddiy-ashyoviy dalillar asosida shakllantirish, tafakkurini rivojlantirishda, o‘zlikni anglashda, davlatchiligimiz tarixi ildizlarini yanada chuqur o‘rganishda muhim o‘rin tutmoqda.

Har yili viloyat muzeylarida o‘rta hisobda qirqdan ziyod ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish va ularga yoshlarni keng jalb qilish yaxshi an’anaga aylangan.

Muzeylar jamoalari viloyatdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda maktablar bilan hamkorlikda ishlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida ta’lim muassasalari va viloyat muzeylari o‘rtasida hamkorlikka doir ellikdan ziyod shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, muzeylarda har oyning so‘nggi jumasi o‘quvchi-yoshlar uchun “ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilingan.

Ha, mamlakatimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Buni yoshlarimizning muzeylarga qiziqishi va intilishi oshayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. 2005 yilda Farg‘ona viloyati muzeylariga kelgan yoshlar soni 40 ming 800 nafardan ziyodni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmidayoq bu ko‘rsatkich 43 ming 300 nafardan oshib ketdi. Yoshlar asosan Farg‘ona viloyati va Qo‘qon shahar o‘lkashunoslik muzeylari hamda Marg‘ilon shahar tarix muzeyida bo‘lib, moziydan so‘zlovchi betakror eksponatlar, ajdodlarimizning boy madaniy-ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishdilar.

– Muzeylar muayyan davr tarixi haqida aniq ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan tabarruk dargohlardir, – deydi Farg‘ona viloyati o‘lkashunoslik muzeyi direktori Bahodir Hoshimov. – Unda bo‘lgan kishi eksponatlar orqali bevosita o‘tmishga sayohat qiladi. Tarix esa, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, o‘zligimizni anglash yo‘lidagi buyuk manba hisoblanadi. Yoshlarimizni muzeylarga ko‘proq qiziqtirib, ular o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni izchil olib bormoqdamiz. Ayni kunlarda eng ulug‘, eng aziz bayram – mustaqilligimizning 19 yilligi arafasida istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlar haqida hikoya qiluvchi ko‘rgazma tashkil etdik. Shu bilan birga yoshlar o‘rtasida “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson” ezgu g‘oyasining mazmun-mohiyatini ochib berishga yo‘naltirilgan davra suhbatlari, tarixchi olimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqdamiz. Muzeyimizda “Yosh o‘lkashunos”, “Yosh sayohatchi” va “Yosh tarixchi” to‘garaklari ochilgan bo‘lib, ularga qariyb yetmish nafar o‘g‘il-qiz jalb qilingan.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama