Madaniyat

“Navqiron O‘zbekiston” festivali boshlandi

O‘zA, Nazokat Usmonova, 16.08.2010 19:22

Vatanimiz mustaqilligining 19 yillik bayrami arafasida joylarda o‘tkazilayotgan rang-barang tadbirlar, anjumanlar, festivallar el-yurtimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Navqiron O‘zbekiston – 2010” an’anaviy va zamonaviy san’at festivali buning dalilidir.

Shu munosabat bilan ushbu muhtasham saroyga tasviriy san’atning turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan ijodkorlar, san’atshunoslar, ustoz va murabbiylar, talaba-yoshlar, ota-onalar tashrif buyurdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlod kamoloti va istiqboli, ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyati haqida doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning pirovard maqsadini tashkil etadi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qator farmon va qarorlar, davlat dasturlari yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, jahon andozalari darajasida bilim olishi, jismonan va ma’nan barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi, kasb-hunar egallashi, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport kabi sohalarda yangidan-yangi marralarni egallashida muhim omil bo‘lmoqda.

Yurtimizda barpo etilayotgan san’at maskanlari, galereyalar, ko‘rgazma zallari, bolalar musiqa va san’at maktablari, badiiy ijodiyot markazlari tasviriy san’atni izchil rivojlantirish, qobiliyatli yoshlarni aniqlash, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, yigit-qizlarni san’atning eng yuksak namunalaridan bahramand etish imkonini bermoqda.

An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan «Navqiron O‘zbekiston» san’at festivalidan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlod iste’dodini har tomonlama kamol toptirish va badiiy didi, tafakkurini yuksaltirish, xalqimiz, keng jamoatchilikni yosh musavvirlarning ijodi, ular erishgan yutuqlar, mazkur sohadagi yangiliklar bilan atroflicha tanishtirishdan iboratdir. Ayni paytda ushbu festival rassomlikning turli uslub va janrlarida izlanayotgan ijodkor yoshlarning faoliyatini atroflicha tahlil etishda muhim o‘rin tutadi.

Festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada tasviriy san’at, haykaltaroshlik, fotografiya, installyatsiya, xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlarida ijod qilayotgan uch yuzdan ortiq yoshlarning eng sara ijod namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.

– Jonajon O‘zbekistonimiz iste’dodlar diyori, unda har bir qobiliyatli yigit-qiz doimiy e’tibor va e’zozda ekani biz, yoshlarni juda ruhlantiradi, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining dizayn fakulteti talabasi Behzod Mamarayimov. – Bunday san’at festivalida ishtirok etish biz uchun katta sharafdir. Ayni paytda bu ulkan ishonch bizni mas’uliyatni astoydil his etishga, ko‘rsatilayotgan mehr va e’zozga loyiq bo‘lishga undaydi.

San’at festivali yorqin va rang-barang tadbirlarga boy. Festival doirasida ustoz musavvirlar, haykaltaroshlar, yetakchi san’atshunos olimlar ishtirokida mahorat saboqlari, o‘quv seminarlari, taqdimot marosimlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda turli janr va uslublarda samarali izlanayotgan g‘olib ijodkorlar aniqlanadi. Festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma 16 sentabrgacha davom etadi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama