![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Do‘mbira tilga kirganda...O‘zA, 12.03.2010 14:51 Dunyoda xalqlar, el va elatlar ko‘p. Har birining o‘z tili, o‘z tarixi, madaniyati, ma’naviyati, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan an’anayu qadriyatlari bor. Xalq og‘zaki ijodi namunalari har bir elning ma’naviy qiyofasini, o‘zligini namoyon etadi. Nainki buyuk allomalarimiz, fozilu shoirlarimiz, mutafakkirlarimiz, balki xalqimiz dahosi yaratgan o‘lan va laparlar, ertak va dostonlar, maqol va matallar bilan ham haqli ravishda faxrlanamiz. Baxshichilik kamdan-kam xalqlarda uchraydigan nodir san’at turlaridan sanaladi. Chunonchi, o‘zbek xalqi azaldan o‘zining tili biyron baxshilari bilan dovruq taratib kelgan. O‘zbek baxshisi qo‘lidagi do‘mbira tilga kirib, ovoz sozga, soz ovozga ulanganida qalblar ohanglar asiriga aylanadi. Moviy osmon, bepoyon kengliklar, shovullayotgan daraxtlar, qushlar chug‘uri dillarga zavq bag‘ishlaydi. Olis-olislardan otlar dupuri eshitilgandek, quloqda chavandozlar qiyqirig‘i yangragandek bo‘ladi… Munis onalarimiz aytgan allalar bilan shuurimizga kirgan ertagu dostonlar qalbimizda Vatanga muhabbat, jo‘mardlik, mehr-oqibat kabi tuyg‘ularni kamolga yetkazgan. Ajdodlar yodi, faxru g‘ururi Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Rustamxon timsolida xotiramizga jo bo‘lgan. Ming yillik o‘tmishimizdan hikoya qiluvchi bu dostonlarda hayot-mamot sinovlaridan omon chiqib, o‘zligini yo‘qotmagan xalqimizning bag‘rikenglik, matonat, oliyjanoblik kabi ezgu fazilatlari o‘z ifodasini topgan. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish” kabi o‘nlab dostonlarimiz millatimiz ma’naviy qudratining yorqin timsolidir. Birgina “Go‘ro‘g‘li” turkumiga kirgan dostonlarni o‘zbek xalqi hayoti, turmushi, orzu-umidlarini, ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy va falsafiy qarashlarini, uning qahramonona o‘tmishini keng ko‘lamda tasvirlovchi asarlar sifatida bir jild ostiga to‘plansa, qariyb bir millionga yaqin nasriy va she’riy satrlardan iborat buyuk bir epopeya paydo bo‘ladi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qadimiy an’ana va urf-odatlarimizni, ma’naviy merosimizni tiklash va asrab-avaylashga, xalq og‘zaki ijodining bebaho durdonalarini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda o‘nlab dostonlar kitob holida nashr etildi. Ajdodlarimiz badiiy dahosining bebaho yodgorligi – “Alpomish” dostonining 1000 yilligi keng nishonlandi. “Agarki, xalqimizning qadimiy va shonli tarixi tuganmas bir doston bo‘lsa, “Alpomish” ana shu dostonning shoh baytidir”, – deb yozadi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida. Darhaqiqat, xalqimiz azaldan o‘z qalbi, o‘z tomirida mavjud buyuk qudratga munosib bo‘lmoqqa intilib yashaydi. O‘g‘lonlarini jo‘mard qilib tarbiyalaydi va ularning qahramonliklari haqida dostonlar bitadi. O‘zbek baxshichilik maktabi uzoq tarixga ega. Azaldan ona zaminimizda Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand baxshichilik maktablari shakllanib, sayqal topib kelgan. Ming yillar davomida xalqimizning barhayot, o‘lmas dostonlarini kuylab, gavhardek asrab-avaylab, boyitib kelgan baxshilar nomi ma’naviyatimiz tarixiga oltin harflar bilan bitilgan. Ularning an’analarini davom ettirib kelayotgan baxshi-shoirlar e’tibor va e’zozga musharraf bo‘lgani barcha ustozlarimiz qatori meni ham behad mamnun etadi. Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi farmoni ham ana shu oliyjanob maqsadga qaratilgan. Yurtboshimiz farmoniga binoan men ham 2008 yilda ana shu yuksak unvonga sazovor bo‘lganim bilan faxrlanaman. Baxshichilik menga bobomeros. Bobomiz Xo‘jam baxshi Qashqadaryo vohasidan dong taratgan baxshilardan bo‘lgan. Otam Umir baxshi ham xalq dostonlarini aytib, el-yurt olqishini, duosini olgan. Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Yetimquduq qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetganman. Bolalikdan do‘mbira chertishga, dostonlarni yod olib, aytib yurardim. Otam menga baxshichilikning noyob sirlarini o‘rgatdi. O‘n besh yoshimda “Oyposhsho” dostonini yod olganman. O‘rta maktabni tugatgach, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida ta’lim oldim. 42 yil davomida o‘quvchilarga o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars berdim. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Kuntug‘mush” kabi xalqimizning sevimli dostonlarini kuylaganimda, butun vujudimda bitmas-tuganmas ilhom, shavqu shijoat jo‘sh urganini sezaman. Xalqimizning betimsol san’atini, boy og‘zaki ijodini, buyuk dahosini his etaman. Bu yil 77 yoshni qarshi olayotirman. Qariyb qirq yildan beri Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi Guliston qishlog‘ida yashayman. Qo‘limga do‘mbira olganimga ham oltmish yildan oshdi. Sho‘rolar zamonida baxshi-shoirlar ijodi cheklangan, “Alpomish” singari qahramonlikni, jo‘mardlikni, vatanparvarlikni targ‘ib etuvchi durdonalarimiz ta’qibga uchragan, lapar va termalar ham o‘sha zamon mafkurasiga moslashtirilar edi. Xalqimizning bebaho merosiga, baxshichilik an’analari va baxshilar ijodiga yuksak e’tiborni faqat istiqlol yillarida ko‘rdik. Elning baxshi-shoirlarini qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirayotgan Yurtboshimizdan behad minnatdorman. Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan xalqimizning qadimgi baxshilik maktablari rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, yosh baxshi-shoirlarning noyob iste’dod va mahorati rag‘batlantirilayotgani biz keksa avlod vakillariga ham cheksiz quvonch bag‘ishlamoqda. Yosh shogirdim Ilhom Norovning Yurtboshimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Nihol” mukofotiga sazovor bo‘lgani bunga yaqqol dalildir. Baxshichilik ham tinimsiz ijodiy izlanishni, xalq og‘zaki ijodiga hamohang yangi-yangi asarlar yaratishni taqozo etadi. Shu bois keyingi yillarda Go‘ro‘g‘lining nevarasi Nuralining uylanishi haqida “Nurali va Semurg‘”, Go‘ro‘g‘lining chevarasi Jahongirning ibratli hayoti aks etgan “Jahongir” dostonlarini yozib, nashrga tayyorladik. “Onajonim yig‘lama”, “O‘zbekistonim”, “Surxonim”, “Navro‘zim” kabi o‘nga yaqin yangi termalar yaratdik. O‘g‘illarim Rasul va Qahhor ota-bobolarimiz kasbini egallab, yurtga tanilayotir. Nevaralarim Oymurod va Elyor kuy chalish, doston aytish sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda. Bu yil ularning safiga chevaram Diyor Umirovning qo‘shilganidan quvonchim cheksiz. Odamlar ko‘ngliga yo‘l topish oson emas. San’atning bu turi baxshidan har bir so‘zni yuksak did bilan yurakdan, jo‘shib, hislar jarangini qo‘shib aytishni talab etadi. Ana shu xislatni egallagan baxshini xalq e’zozlaydi. Ishonamanki, xalqimizning azaliy an’analari qatori baxshichilik san’ati ham, uning nodir namunalari bo‘lmish dostonlar, o‘lan va laparlar ham asrlar davomida sayqallanib, yuraklarni zabt etib yashayveradi. Kara Umirov (Qora baxshi), O‘zbekiston xalq baxshisi So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |