Madaniyat

Qardosh xalqning atoqli shoiri

O‘zA, 02.03.2010 15:43

O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlarini umumiy tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar bir-biriga bog‘lab turadi. O‘zbek va turkman azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, savdo-sotiq qilib, to‘y-tomoshalarida mehmon bo‘lib keladi. Ajdodlarimizning ilmiy va adabiy merosi ham xalqlarimizning umumiy mulki sanaladi.

Tavalludining 200 yilligi nishonlanayotgan atoqli turkman shoiri Mullanafas nomi o‘zbek xalqi orasida mashhur. Mullanafas deganda, biz “Gulistonima”, “Yodimga tushdi”, “Bari gal”, “Bodomqovoqlaringdan”, “Bulbul ko‘rdim”, “Qizlar”, “Bog‘ sayliga ketaylik”, “Unutma”, “Kerak”, “Orzu aylab”, “Namasan?”, “Sevar yorim bo‘lmasa” kabi hofizlar tiliga tushgan o‘nlab qo‘shiqlarning muallifini yodga olamiz. Bu qo‘shiqlar hofiz va xonandalarimiz tomonidan zamonlar osha kuylab kelinmoqda. Nasru nazm bilan yozilgan “Zuhra-Tohir” dostoni esa baxshilarimiz tomonidan so‘zu soz uyg‘unligida ijro etilgan.

Qadimiy va boy an’analarga ega turkman mumtoz adabiyotining Maxtumqulidan keyingi zabardast namoyandasi bo‘lgan Mullanafas taxminan 1810 yili Turkmaniston janubidagi ko‘hna Saraxs shahri atrofida tug‘ilgan. Otasi xat-savodli kishi bo‘lib, bolalarni o‘qitish bilan shug‘ullangani uchun uni Mulla Qodirberdi deyishgan. Uning Og‘ajik baxshi, O‘dakberdi, Haqberdi va Mullanafas degan o‘g‘illari bo‘lgan.

Mullanafas otasi qo‘lida boshlang‘ich savod chiqaradi. Buxoro va Xiva madrasalarida tahsilini kamolga yetkazadi. Arab va fors tillarini, o‘z davrining asosiy ilmlarini egallab, zamonasining fozil kishisi bo‘lib yetishadi. U turkman mumtoz adabiyotini, birinchi navbatda, Maxtumquli asarlarini o‘qib-o‘zlashtiradi. Ahmad Yassaviy, Imodiddin Nasimiy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy kabi mumtoz shoirlar ijodi bilan chuqur tanishadi.

Madrasada tahsil olib yurgan vaqtlarida u she’r yozish va soz chalish bilan qiziqqan, qo‘shiq aytgan. O‘qishni tugatgach, tug‘ilgan qishlog‘iga qaytib, muallimlik qilgan.

Cho‘llar kezsam Ilyos kabi,
Tog‘lar kezsam G‘avs kabi…
Bundan borsam Hindistonga,
Ko‘zim tushsa Dog‘istonga,
Bulg‘or shahri, Rumistonga
Oshsam deya orzu aylar, –

kabi misralaridan Mullanafasning sayru sayohatga o‘chligi, dunyoni ko‘rish ishtiyoqida yongani seziladi.

Taniqli turkman olimi, filologiya fanlari doktori Annaqurbon Ashirov Mullanafasning vafoti bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar, olimlarning tadqiqotlari va shoirning o‘z she’rlaridagi ayrim ishoralarni o‘zaro qiyoslash asosida uning taxminan 1875 yilda dunyodan o‘tganligi haqidagi fikrni ilgari suradi.

Hozirgi kunda Mullanafasning 100 dan ortiq she’ri ma’lum. Uning “Go‘zal yorni istab”, “Bari gal”, “Bir pari”, “Tilla g‘ozim”, “Go‘zalim”, “Tuysa”, “Nor kezgin”, “Duch bo‘lar” kabi o‘nlab she’rlari o‘zining go‘zal shakli, teran mazmuni, o‘lmas g‘oyalari va yuksak badiiyati bilan zamonlar osha o‘quvchilarning e’tiborini qozonib kelmoqda.

Shoir ijodining asosiy qismini ishqu muhabbat mavzuidagi she’rlar tashkil etadi. Lekin uning merosida ijtimoiy mazmundagi she’rlar ham ancha-muncha. Turkman adabiyotshunoslari shoir she’rlarini mavzusiga ko‘ra uch guruhga ajratadi: ijtimoiy mazmundagi, pand-nasihat ruhidagi va sevgi haqidagi she’rlar.

Barcha mumtoz shoirlar merosiga nisbatan bo‘lgani kabi sho‘ro davrida Mullanafasning ham bir qator she’rlari e’lon qilinmagan, she’rlaridagi kommunistik mafkuraga to‘g‘ri kelmaydigan o‘rinlar qisqartirilgan. Mullanafas tavalludining 200 yilligi munosabati bilan A.Ashirov tomonidan tayyorlanib nashr etilayotgan “She’rlar to‘plami”da bu kamchiliklar bartaraf etilgan. Bu shoir shaxsi va ijodining hozirgacha o‘quvchilarga noma’lum bo‘lgan yangi qirralarini ochishga, Mullanafas haqida yaxlit tasavvur hosil qilishga yordam beradi.

Ijtimoiy mavzudagi she’rlarida shoir o‘z davrining haqiqiy qiyofasini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi. Masalan, “Nor kezgin” she’ri o‘z davri manzaralarini haqqoniy aks ettirgan asar bo‘lib, unda shoir hayotni nozik kuzatuvchi donishmand bir inson sifatida namoyon bo‘ladi.

Mullanafas she’riyatining jalb etuvchi kuchi xalq tilining uchida turgan, dilining tubida yashiringan so‘zlari, dardlari, orzularini topib, go‘zal va ta’sirchan shaklda ifodalay olganida. Shuning uchun ham shoir she’rlari xalq orzu-umidlari, dardu armonlarining aks-sadosi kabi yangraydi.

“Ovozi kelsa” she’ridan olingan quyidagi satrlar azaliy va abadiy hayot haqiqatining sodda va tushunarli, oddiy va go‘zal, chuqur va ta’sirchan shakldagi badiiy talqinidir:

Ohu bolasini parvarish etsang,
Suv o‘rniga shakar-sharbatlar tutsang,
Guldan yemish berib, oqibat kutsang,
Sendan yuz burar cho‘l ovozi kelsa.

Tug‘ilgan makon-muhiti, tabiiy hayot tarzi, ichki xohish-istak nafaqat inson, balki hayvonning ham tirikligi mohiyatini tashkil etadi. Ana shu buyuk haqiqatni shoir ohu obrazi orqali badiiy gavdalantiradi: ohu bolasini suv o‘rniga shakar-sharbat, o‘t o‘rniga gul berib boqsang ham uning ko‘ngli o‘zi erkin unib-o‘sgan va yayrab kezgan bepoyon kengliklarda bo‘ladi. Bu satrlar Alisher Navoiyning mashhur ruboiysini esga soladi.

Mullanafas so‘zning beqiyos ta’sir qudratini butun qirralari bilan teran his qilgan va uni mahorat bilan o‘zining badiiy maqsadi ifodasiga to‘la-to‘kis xizmat qildira olgan yetuk so‘z san’atkoridir.

Ergash Ochilov,
Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot
instituti katta ilmiy xodimi,
filologiya fanlari nomzodi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama