![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Tanlovga puxta hozirlik ko‘rilmoqdaO‘zA,Toshqul Beknazarov, 11.02.2010 16:28 Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 25 avgustdagi qaroriga asosan ta’sis etilgan “Nihol” mukofoti ko‘rik-tanlovi navqiron iste’dod egalarini kashf etish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Uch bosqichli tizimda o‘tkazib kelinayotgan ushbu tanlovning geografiyasi kengayib, nufuzi yildan-yil oshmoqda. Olis-olis qishloqlardagi iqtidor egalariga ham katta san’at yo‘liga chiqish uchun keng imkoniyat yaratilayotir. O‘tgan yili Jizzax viloyatida tanlovning saralash bosqichlarida oldingi yillardan deyarli ikki baravar ko‘p – ming nafardan ziyod yigit-qiz ishtirok etdi. Ayni kunlarda viloyatda ushbu tanlovga tayyorgarlik ishlari qizg‘in borayotir. Shahar va tumanlarda malakali mutaxassislardan tuzilgan ishchi guruhlari iste’dodli yoshlarni saralash va elga manzur bo‘ladigan yangi asarlar yaratishga ko‘maklashish ishlarini olib bormoqda. Bu yo‘nalishda asosiy e’tibor ishtirokchilarning ijro mahorati va ko‘nikmasini oshirishga qaratilayotir. Iqtidorli yigit-qizlar turli ko‘rik-tanlov va konsertlarga faol jalb etilyapti. Bu borada “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Qalbimda Vatan madhi”, “Bolalik bahori”, “Yangi avlod”, “Kelajak ovozi” kabi tanlovlar mahorat maktabi vazifasini bajarmoqda. – “Nihol” mukofoti uchun nomzodlarni tanlashda ularning ayni damgacha erishgan yutuqlari inobatga olinmoqda, – deydi Jizzax viloyati madaniyat va sport ishlari boshqarmasining madaniy-ma’rifiy ishlar va xalq ijodiyoti ilmiy-amaliy markazi rahbari Sodiq Lutfullayev. – Yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida viloyat miqyosida qator badiiy tadbirlar tashkil etilayotir. Har yili o‘tkazib kelinayotgan “Bahor taronalari” tanlovi, bolalar va o‘smirlar xor jamoalari ko‘rik-festivali, maktab, kollej va akademik litseylar o‘quvchilari o‘rtasida “Orzuimga qanot bergan qishlog‘im” san’at bayramlari ham “Nihol” mukofotiga munosib nomzodlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tgan yili Do‘stlik, Zafarobod, Zomin, G‘allaorol va Forish tumanlarida o‘tkazilgan bunday tanlovlar san’atning barcha yo‘nalishlarida iste’dodli, o‘z uslubiga ega yoshlarning ko‘pligini ko‘rsatdi. Birgina G‘allaorol tumanida 200 nafardan ziyod “Nihol” mukofotiga nomzod ro‘yxatga olingani ham buning dalilidir. “Nihol” mukofoti ko‘rik-tanlovining viloyat, shahar, tuman bosqichlari ishtirokchilari soni ortib borayotgani, ayniqsa, qishloq yoshlarining safi kengayayotgani kishini quvontiradi. – Iste’dod bolalikdan shakllanib, sayqal topadi, – deydi Akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Boymat Hasanov. – Yosh avlodning ma’naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni milliy va jahon musiqa madaniyatining yuksak namunalaridan bahramand etishda bolalar san’at maktablari va san’at kollejlarining o‘rni katta. Bugungi kunda viloyatimizda san’at kolleji va barcha qishloq tumanlarda bir nechtadan san’at maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur san’at bilim dargohlarini bitirib chiqayotgan har bir yigit-qizga o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ko‘maklashish dolzarb vazifa hisoblanadi. Toki, viloyatimiz yoshlari ham “Nihol” mukofoti sovrindorlari safidan ko‘proq o‘rin olsin, katta sahnalarda jozibali qo‘shiq va raqslari bilan dillarga zavq ulashsin. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |