Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 18:38 Chop etish versiyasi

Yoshlar bandligi: yangi imkoniyatlar

Yoshlar bandligi: yangi imkoniyatlar “O‘zekspomarkaz”da “JobFair – 2017” o‘ninchi ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

MyJob.uz amaliy tarmog‘i va “Karera+” gazetasi tahririyati tomonidan o‘tkazilgan tadbirning ochilishida mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga doimiy e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu borada 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi muhim dasturilamal bo‘layotir.

Strategiyada mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurti muassasalarining bitiruvchilari bandligini hamda mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilma rivojlanishini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturiga muvofiq 2016/2017 o‘quv yilidagi 450 ming bitiruvchini ish bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, 800 dan ortiq ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasini bevosita kasb-hunar kollejlarida o‘tkazish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan talabalarga 360 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratish, nogiron va kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan kollej bitiruvchilari uchun 50 mingta ish o‘rnini band qilish rejalashtirilgan.

An’anaviy “JobFair” bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash va yoshlar o‘rtasida bandlikni oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Unda ta’lim muassasalari bitiruvchilari va tajribali mutaxassislar o‘zlariga mos ish topish, korxona va tashkilotlar bo‘sh o‘rinlariga munosib nomzodlarni tanlab olish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Yarmarkada O‘zbekistonda turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan yetmishta kompaniya ishtirok etdi.

– Mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari jadal taraqqiy etayotgani samarasida sohada yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda, – deydi “East Telecom” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Malika Maqsudova. – Bugungi kunda jamoamizning 70 foizdan ortig‘i ijodkor va tashabbuskor yoshlardan iborat. Safimizni yosh mutaxassislar bilan yanada kengaytirish maqsadida bugungi yarmarkada yangi ish o‘rinlari taklif etmoqdamiz.

– Bu kabi yarmarkalar malakali xodimlarni jalb qilish uchun juda qulay maydondir, – deydi “Woodman Group” qo‘shma korxonasi xodimlarni tanlash bo‘yicha menejeri Albina Hafizova. – Biz bugun 30 ga yaqin turli mutaxassisliklar bo‘yicha ish o‘rinlari taklif etdik. Bu anjuman kompaniyamizda ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassislarni topish va ishga taklif qilish uchun ayni muddao bo‘ldi.

Mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olish maqsadida 24-28-aprel kunlari “JobFairOnline – 2017” onlayn-yarmarka ham o‘tkaziladi. Talabgorlar www.jobfair.uz internet portali orqali onlayn tarzda ishtirok etib, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilishi va ishga joylashishi mumkin bo‘ladi.

Behzod Bozorov, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
3 758






Все о погоде - Pogoda.uz