Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 18:18 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkorlar safi kengaymoqda

Mamlakatimizda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tizimida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish maqsadida tashkil etilgan 140 “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda bunday markazlar faoliyatini mamlakatimizning har bir tuman va shaharida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Kamolot” yoshlar oromgohida tashkil etilgan “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi koordinatorlarining malakasini oshirishga bag‘ishlangan tadbirda bu haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, yoshlarni mazkur sohaga keng jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– O‘quv oromgohida tashkil etilgan besh kunlik interaktiv mashg‘ulotlarda mutaxassislarning “Tadbirkor bo‘lish istagidagi yoshlar bilan ishlash mexanizm va usullari”, “Tadbirkor psixologiyasi”, “Biznes reja va uning tarkibiy qismlari”, “Bank krediti tamoyillari, kredit olish tartiblari” kabi mavzulardagi ma’ruzalarini tingladik, qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi, – deydi Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi koordinatori A.Egamberdiyev. – Tumanimizdagi 5 kasb-hunar kolleji hamda tijorat banklarining hududiy bo‘limlari bilan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga bu borada tegishli maslahatlar berish bo‘yicha samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bank mutaxassislari, tashabbuskor tadbirkorlar, kollejlar rahbar va o‘qituvchilari ishtirokida bitiruvchilar bilan haftada bir marta davra suhbati o‘tkaziladi. O‘quv oromgohida olgan bilimlarim asosida bu kabi tadbirlarni yanada samarali, qiziqarli tashkil qilishga harakat qilaman.

Oromgoh faoliyati doirasida mutaxassis va koordinatorlarning Respublika yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi oldida turgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir qo‘shimcha takliflari o‘rganildi.

Yakunda hududiy koordinatorlarning tadbirkorlik faoliyati va biznes-trenerlik mahoratini oshirishga qaratilgan taqdimotlari ko‘rib chiqildi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 726






Все о погоде - Pogoda.uz