Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 15:57 Chop etish versiyasi

Yosh tadbirkorlar hududiy ko‘rgazmasi

Yosh tadbirkorlar hududiy ko‘rgazmasi Andijonda “Vatanim ravnaqiga mening hissam!” shiori ostida yoshlar rahbarlik qilayotgan tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarining hududiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda yosh tadbirkorlar, hunarmandlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Ko‘rgazmada barcha tuman va shaharlardan 20 dan ziyod tadbirkorlik subyekti o‘z mahsulotlarini namoyish etdi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i U.Tojiboyev. – Bunday tadbir ularga o‘z imkoniyat va salohiyatini namoyish etish, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini keng targ‘ib qilish imkoniyatini beradi.

5.JPG

Andijon shahridagi “Salom hamkor tekstil” xususiy korxonasida ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari, Jalaquduq tumanidagi “Astonish-Medikal” xususiy korxonasida tayyorlangan dori-darmon vositalari yuqori baholandi.

– Korxonamizda 20 ga yaqin turdagi trikotaj mahsulotlari tayyorlanadi, – deydi “Salom hamkor tekstil” xususiy korxonasi ish yurituvchisi, yosh tadbirkor A.Hoshimov. – Yosh tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ko‘mak tufayli qisqa vaqt ichida ichki bozorda o‘z o‘rnimizni topdik. O‘tgan yili korxonamizning aylanma mablag‘i hamda “Hamkorbank” aksiyadorlik-tijorat bankidan olingan 900 million so‘m kredit hisobiga xorijdan zamonaviy tikuv dastgohlari keltirib o‘rnatdik. Natijada ishlab chiqarish xajmi va mahsulot sifati keskin ortdi. Joriy yilning birinchi yarmida 1 milliard 650 million so‘mlik mahsulot tayyorlandi. Korxonamizda mehnat qilayotgan 55 ishchining aksariyati kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridir.

Ko‘rgazma doirasida yosh tadbirkorlar, xususan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash arafasida turgan yigit-qizlar, kollej bitiruvchilari uchun “ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish mavzularida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yosh tadbirkorlarga sohaga oid milliy qonunchilik, shuningdek, soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalar, kredit olish, hisobot topshirish, marketing ishlarini yo‘lga qo‘yish singari qator yo‘nalishlarda tushunchalar berildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Tadbir yakunida ishlab chiqarish borasida yuksak natijalarga erishayotgan bir guruh yosh tadbirkor va hunarmandlar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
1 887






Все о погоде - Pogoda.uz