Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 16:50 Chop etish versiyasi

Yangi texnologiyalar sabzavotchilikka

Andijonda sabzavotchilikni rivojlantirish, sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish, tomorqadan unumli foydalanish, sabzavot mahsulotlari yetishtirish va eksport hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Birinchi Prezidentimizning 2016-yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Andijon viloyati hokimligi, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mutaxassislar, olimlar, sabzavot mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi, xususan, sabzavotchilikni rivojlantirish, aholining tomorqadan unumli foydalanishi va qo‘shimcha daromad topishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan e’tibor xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– Yangi texnologiyalardan samarali foydalanish sabzavot mahsulotlari sifati va hosildorligini oshirishning muhim omilidir, – deydi Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Sulaymonov. – Tadbirda bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish, amaliyotga joriy etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar sarimsoqpiyoz 1 gektar maydonga odatdagi usulda ekilsa, sarf-xarajat 20-25 million so‘mga yetadi, urug‘dan joylashtirish texnologiyasi bo‘yicha bu xarajat bor-yo‘g‘i 3-3,5 million so‘mni tashkil etadi. Qishki karam yetishtirishda taklif etilayotgan yangi texnologiya an’anaviy usulga nisbatan gektariga 2-2,5 million so‘m iqtisod qilish hamda 2-3 barobar ko‘p daromad olish imkonini beradi.

Tadbir doirasida sohaga yangi texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha taklif etilgan loyihalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Andijon shahridagi “Osiyo oltin urug‘lari” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari ilg‘or texnologiyalarning afzalligi va iqtisodiy samaralari haqida ma’lumot berdi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
997






Все о погоде - Pogoda.uz