Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2017 16:30 Chop etish versiyasi

Xarajati oz – daromadi soz

Farg‘ona viloyatida ham qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, quyonchilikni rivojlantirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va ushbu yo‘nalishda ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli agrofirmalar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Qo‘shtepa tumanidagi “Vodiy naslli quyonlari” agrofirmasida ayni vaqtda “Yangi Zelandiya” zotli 400 quyon parvarishlanmoqda.

– Quyonchilik serdaromad soha, – deydi agrofirma rahbari Nuriddin Eminov. – Xo‘jaligimizni har tomonlama rivojlantirish uchun xorij tajribasini o‘rganish, naslli quyon zotlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Italiyadan 67 zotdor quyon keltirib, mahalliy sharoitda boqishni yo‘lga qo‘ydik. Xorijlik mutaxassislarning ko‘magi bilan agrofirmada jonivorlarni sun’iy urchitish va mahalliy sharoitga moslashtirish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

Quyonchilik bugungi kunda serdaromad sohalardan biriga aylanmoqda. Go‘shti va terisining xaridorgirligi, yetishtirish shart-sharoiti osonligi va katta xarajat talab etmasligi quyonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kishi uchun ayni muddao.

Tadbirkor o‘z faoliyati avvalida “Mikrokreditbank” viloyat filialining 400 million so‘m kredit sarmoyasiga tayanib ish tutdi. 5-yil muddatga taqdim etilgan ushbu mablag‘dan quyonlar parvarishi uchun joy tashkil etish, mutaxassislar tajribasini o‘zlashtirish va xorijdan zotdor quyonlarni olib kelishda samarali foydalandi.

Bugun agrofirmada quyonlardan bir yilning o‘zida 8 marotaba, 5-13 tagacha nasl olish mumkinligini hisobga olsak, qulay iqlim sharoiti, xomashyo bazasi, tabiiy yer maydonlari yetarli ekani viloyatda bu istiqbolli tarmoqni jadal rivojlantirish mumkinligidan dalolat beradi. Bu yerda har bir quyondan o‘rtacha 5 kilogrammdan parhezbop go‘sht yetishtirilib, vodiy viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib berilmoqda.

Quyonchilik haqida gap ketganda ko‘pchilik “Ajoyib xayolparast” badiiy filmini eslaydi. Tajriba uchun olib kelingan quyonlar tez ko‘payishi bilan film qahramoni – Hasanning e’tiborini tortadi. Tezda boyib ketishni ko‘zlagan Hasan akaning fikri o‘sha davr uchun shunchaki havas bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo bugun quyon boqish ko‘pchilik uchun daromad manbaiga aylangan.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 910






Все о погоде - Pogoda.uz