Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 18:24 Chop etish versiyasi

Xalqaro seminar ishtirokchilari Samarqandda bo‘lib, hududda meva-sabzavotchilik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Poytaxtimizda 5-7-sentabr kunlari O‘zbekistonda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va xalqaro tajribaga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro seminar ishtirokchilari tadbir doirasida Samarqandda bo‘lib, ushbu yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, BMTning Janub-janub hamkorligi boshqarmasi, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etilgan seminarda Vengriya, Marokash, Sudan, Tunis, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan kelgan olim va mutaxassislar, tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi.

Mehmonlar dastlab Samarqand tumanidagi “Ohalik oltin bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati intensiv bog‘lari bilan tanishib, bu yerdagi ish jarayonini kuzatdi. Meva-sabzavot yetishtirish, uni saqlash va xorijga eksport qilish bo‘yicha atroflicha ma’lumot oldi.

– Turkiyada ham intensiv bog‘lardan mo‘l hosil olinadi, – deydi Turkiyadagi Ejin qishloq xo‘jalik instituti mevachilik agronomi Andor Chovdar. – Lekin O‘zbekistonda shu usulda yetishtirilayotgan mevalarning ta’mi ham, sifati ham ancha yuqori. Bu, avvalo, yurtingiz iqlimi sharoiti, tuprog‘i va suvi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik bog‘bonlar, soha mutaxassislarining intensiv bog‘dorchilikda qisqa vaqtda katta tajriba to‘plaganini ham e’tirof etish lozim. Buning samarasini yurtingizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga xorijda talab ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Bugun “Ohalik oltin bog‘i” faoliyati bilan tanishib, ko‘p yangiliklardan boxabar bo‘ldik, tajriba almashdik.

Xalqaro seminar ishtirokchilari Jomboy tumanidagi biolaboratoriyada bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar yordamida intensiv bog‘lar uchun pakana va yarim pakana daraxt ko‘chatlari tayyorlash, kartoshka urug‘i yetishtirish jarayoni bilan tanishdi.

– Bugungi kunda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni jadal joriy etayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi, – deydi Vengriya meva madaniyati tadqiqotlari instituti vitse prezidenti Yeva Preininger. – Chunki mazkur sohada bu yerda juda katta imkoniyat, boy tabiiy resurslar mavjud. Ulardan an’anaviy usullarda foydalanib jahon bozorida munosib o‘rin egallash qiyin. Oddiy misol, intensiv bog‘dorchilik yoki sabzavot yetishtirishni hisob-kitob qilib ko‘ring. Yangi usulda hosildorlik bir necha barobar yuqori bo‘lishi, mahsulot sifati xalqaro talablarga to‘la mos kelishi va moddiy manfaatdorlik salmoqli bo‘lishini ko‘rish mumkin. Bunga bugun faoliyati bilan tanishganimiz fermer xo‘jaliklarida ham guvoh bo‘ldik.

Tadbir ishtirokchilari Samarqandga tashrif davomida viloyatdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 780






Все о погоде - Pogoda.uz