Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 16:03 Chop etish versiyasi

Valyuta ayriboshlash shoxobchalari soni ortmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-sentabrdagi  “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda valyutani tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir. 

“Qishloq qurilish bank” axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xususan, aholiga va yurtimiz mehmonlariga qulaylik yaratish uchun bank tizimidagi mavjud 15 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasiga qo‘shimcha ravishda mintaqaviy va tuman filiallari, yirik bozor va savdo markazlari hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan mini-banklarda 33 valyuta ayirboshlash shoxobchasi tashkil etilgan.

Joriy yilning 5-sentabridan buyon bank valyuta ayirboshlash shoxobchalarida xorijiy valyutalar sotib olinmoqda. Ish hajmining ortgani hisobiga mavjud 10 ta konversion operatsiyalar bo‘limiga qo‘shimcha ravishda yana 29 ta filialda konversion operatsiyalar bo‘limi tashkil etildi.

– Bugungi kunda  bankimizda  chet el valyutasini sotib olish maqsadida ishlatiladigan konversion kartalarni rasmiylashtirish uchun amalga oshiriladigan to‘lov 100 ming so‘m, – deydi bank bosh mutaxassisi E’tiborxon Mansurova. – Chet el valyutasidagi kartaning kamaytirilmaydigan qoldiq depoziti 100 dollarni tashkil etadi. Bu mablag‘ karta egasiga tegishli bo‘lib, u chet el banklari  kartaga ko‘rsatilgan xizmat uchun mablag‘ yechib olganda karta balansining pasayib ketishi natijasida bank-emitent ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararning oldini olish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Agar karta yopilsa, mazkur mablag‘ karta egasiga qaytarib beriladi. Xalqaro to‘lov kartasi balansida mavjud bo‘lgan mablag‘lardan savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida tovar va xizmatlar uchun naqd pulsiz to‘lovlar o‘tkazilganda bank komissiyaci miqdori 0,7 foizni, bankomat orqali naqd pul olinganda ushlab qolinadigan bank komissiyaci 1 foizni tashkil etadi.

Yana bir qulaylik. Bankda konversion kartalararo pul o‘tkazmalari xizmati joriy etildi. Endilikda konversion karta egalari o‘z hisobidan xorijiy valyutani qabul qiluvchi chet elda bo‘lgan taqdirda ham kartadan kartaga o‘tkazishlari mumkin. Bunda mablag‘ o‘tkazuvchi ham, qabul qiluvchi ham “Qishloq qurilish bank” konversion kartasiga egalari bo‘lishi lozim.

Ayni vaqtda, xarid qilinadigan valyuta miqdori, valyuta sarflanishi rejalashtirilgan davlatlar va bankomatlarda yechiladigan valyuta miqdoriga hech qanday cheklovlar mavjud emas. “Qishloq qurilish bank”da valyuta ayirboshlash masalalari bo‘yicha “Ishonch telefonlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 

Bank mijozlari va fuqarolar qo‘yidagi telefon raqamlariga qung‘iroq qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilishlari mumkin. (0-371)150-10-01, 150-76-46, 150-76-84.

Xizmatlar litsenziyalangan.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
850






Все о погоде - Pogoda.uz