Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 21:02 Chop etish versiyasi

Turkiya delegatsiyasining uchrashuvlari

Turkiya delegatsiyasining uchrashuvlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida 5-mart kuni Turkiya parlamentining “Turkiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Haydar Ali Yildiz boshchiligidagi Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi delegatsiyasi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi turli yo‘nalishlarda jadal taraqqiy etayotgani, parlamentlararo aloqalar mustahkamlanib borayotgani esa o‘zaro munosabatlarning yanada kengayishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Turkiya Respublikasi bilan barcha sohalardagi hamkorlik, jumladan, parlamentlararo munosabatlarning rivojlantirilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Turkiya Respublikasi parlamenti delegatsiyasining ushbu tashrifi parlamentlararo muloqot hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy samarasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan suhbatda ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirish hamda chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berildi.

16.JPG

Uchrashuvlarda Haydar Ali Yildiz so‘nggi paytlarda ikki mamlakatning oliy vakillik organlari o‘rtasidagi aloqalar faol rivojlanayotganini alohida ta’kidladi. Bu kabi amaliy muloqotlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va albatta parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Shuningdek, Turkiya parlamenti delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining “Turkiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhining ilk qo‘shma majlisi o‘tkazildi.

Muzokara yakunida O‘zbekiston Respbulikasi Oliy Majlisining Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining “Turkiya – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha 2018 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) imzolandi.

Turkiya delegatsiyasining tashrifi doirasida O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum va kooperatsion birja ham o‘tkazildi. Savdo-sanoat palatasi va Oliy Majlis Senati hamkorligida tashkil etilgan forumda ikki mamlakatning iqtisodiyot, investitsiya, savdo-sanoat, turizm, qurilish, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, yengil sanoat, to‘qimachilik kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Anjumanda turkiyalik ishbilarmonlar mamlakatimizga sarmoya kiritish istiqbollari, ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasi, to‘qimachilik va yengil sanoat, sayyohlik sohasidagi imkoniyatlar bilan tanishdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, saqlash, qadoqlash, oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga ixtisoslashgan komplekslarni qurish, to‘qimachilik va tekstil sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirish kabi qator masalalar muhokama qilindi.

Shu kuni turkiyalik mehmonlar Xalqaro press-klubning “O‘zbekiston – Turkiya savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorligining rivojlanish istiqbollari” mavzuida tashkil etilgan navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Ulug‘bek Shonazarov, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
4 621