Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 18:09 Chop etish versiyasi

Tomorqa va dasturxonimiz to‘kinligi

Surxondaryo viloyatida joriy yilda tashkil etilishi rejalashtirilgan 51 ming 471 yangi ish o‘rnining 15 ming 420 dan ortig‘i xotin-qizlarga mo‘ljallangan.

Prezidentimiz rahnamoligida aholini ijtimoiy himoya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan ish beruvchilarni munosib rag‘batlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mehnat qobiliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, tomorqa xo‘jaligidan unumli foydalanishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar zamirida oilalar farovonligini yuksaltirishdek ezgu maqsad mujassam. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ham xotin-qizlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Surxondaryo viloyatida ham xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi mavqeini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayollarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilayotir.

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining o‘tgan davrida xotin-qizlar uchun 1 ming 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi viloyat mehnat bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdusalom Xo‘jaqulov. – Kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni, sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda barpo etilgan ish o‘rinlarida xotin-qizlarning munosib mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Hududlarda tashkil etilayotgan mehnat yarmarkalarida ham xotin-qizlar ish bilan ta’minlanmoqda. Ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarga kasbga tayyorlash xizmati ko‘rsatilayotir.

Termiz shahar obodonlashtirish boshqarmasida yaratilgan yangi ish o‘rinlariga 100 dan ortiq fuqaro ishga qabul qilindi. Ularning 60 dan ortig‘i xotin-qizlardir.

– O‘zimga munosib ish izlayotgan edim, – deydi Dilnoza Majidova. – Shahar obodonlashtirish boshqarmasiga ishga qabul qilindim. Bu yerda unumli mehnat qilish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Mehnat bilan oilamiz turmush sharoitini yaxshilash, viloyat markazini yanada obod qilishga munosib hissa qo‘shayotganimdan xursandman.

Viloyatda shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat aholisiga 40 ming gektardan ziyod unumdor yer tomorqa sifatida ajratilgan. Tomorqadan foydalanish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida tijorat banklari tomonidan oilalarni imtiyozli kredit asosida urug‘lik va mevali daraxt ko‘chatlari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Mahallalarda tomorqa xo‘jaliklariga arzon narxlarda mineral o‘g‘it va kimyoviy preparatlar yetkazib beradigan do‘konlar faoliyat yuritmoqda. Tomorqalarning 500 gektarida mo‘jazgina issiqxonalar tashkil etilgan. Bu yilning to‘rt faslida ham arzon, sifatli meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish uchun yanada qulay imkoniyat yaratmoqda.

– Oilalarda yerga munosabat tubdan o‘zgarib, tomorqadan samarali foydalanish madaniyati yil sayin o‘smoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Bu qishloq xotin-qizlarini ish bilan ta’minlashda ham muhim omil bo‘layotir. Ular issiqxonalarda turli sitrus mevalar, pomidor, bodring, karam, ko‘kat yetishtirib, o‘z oilasi byudjetini mustahkamlamoqda, el dasturxoni to‘kinligiga hissa qo‘shmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
4 791






Все о погоде - Pogoda.uz