Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.10.2017 14:24 Chop etish versiyasi

Tomorqa – daromad manbai

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishi – bugungi davr talabi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi xodimlari, fermerlar va tomorqa faoliyati bilan shug‘ullanayotgan oilaviy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda aholining munosib hayot kechirishini ta’minlashga hissa qo‘shayotgan fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2017-yil 9-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Tomorqadan unumli foydalanib, arzon, sifatli meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirayotgan dehqonlar tajribasini ommalashtirish bo‘yicha hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi partiya Zangiota tumani kengashi raisi o‘rinbosari D.Ismoilova. – Hozir tumanimizda 69 mingdan ziyod aholi xonadonida tomorqa mavjud. Birgina "Hasanboy" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 116 gektar tomorqa maydonida turli sabzavotchilik va bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirilmoqda. “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorlik boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi doirasida tomorqasida xususiy tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan oilalarga ko‘mak berilmoqda. Joriy yil boshidan buyon aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda 9 mingdan ziyod oilaga bankdan kredit olish, urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, yerning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha taklif hamda tavsiyalar berildi.

Tadbirda mutaxassislar hududlarda qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulotlarni sotish kabi ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqish, bu yo‘nalishda partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlarining vazifalari xususida fikr almashildi. Tajribali dehqonlarning takliflari tinglandi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 964






Все о погоде - Pogoda.uz