Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 19:53 Chop etish versiyasi

Tibbiyot yutuqlari namoyishi

Tibbiyot yutuqlari namoyishi Poytaxtimizdagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar zalida «Sog‘liqni saqlash – TIHE 2017» ko‘rgazmasi boshlandi. Uni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash, Tashqi savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, «O‘zfarmsanoat» aksiyadorlik konserni, «O‘ztibtexnika» mas’uliyati cheklangan jamiyati, Stomatologlar uyushmasi va "ITE Uzbekistan" xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi hamkorlikda tashkil etdi.

Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari B.Otaxonov va boshqalar sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh etish, xalqimizga, ayniqsa, qishloq hududlarida yashayotgan aholiga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan katta e’tibor inson manfaatlarini muhofazalashning muhim omili bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturida bu yo‘nalishda keng qamrovli vazifalar belgilangan.

Ushbu chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qator dastur va loyihalar qabul qilindi. Xususan, shoshilinch tibbiy yordam va birlamchi tibbiy-profilaktika tizimini takomillashtirish, onkologiya xizmati va xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini kengaytirish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va tibbiyot muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlashga oid ishlar amalga oshirilmoqda. Ilm-fan erishayotgan yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish, tibbiyotning turli yo‘nalishlarida yangi-yangi, samarador texnologiyalarni yaratish, ulardan diagnostika va davolash jarayonida oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan ishlar yanada kengaymoqda.

2 (1).jpg

Mazkur ko‘rgazmada o‘n sakkiz mamlakatdan ikki yuzdan ortiq kompaniya ishtirok etayotgani tadbir nufuzidan dalolat beradi. Belarus, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Gollandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Polsha, Rossiya, AQSh, Turkiya, Ukraina, Chexiya, Shveytsariya, Estoniya, Janubiy Koreya, Yaponiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Ularning orasida mahsulotlarining sifati va samaradorligi bo‘yicha dunyoda nom qozongan "Samsung", "Heinemann", "Mindray", "BTL", "Chison" kabi kompaniyalar bor.

Germaniyaning "Heinemann" kompaniyasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan taqdim etilayotgan ginekologiyada qo‘llaniladigan zamonaviy kolposkop, otorinolaringologiya sohasida ishlatiladigan lor-kombayn, shoshilinch tibbiyot tizimida reanimatsiya yordamini tashkil etishda, jarrohlik sohasida qo‘llaniladigan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar mutaxassislarda alohida qiziqish uyg‘otmoqda.

Xitoyning "Perlong medikal" kompaniyasida ishlab chiqarilgan zamonaviy diagnostika vositalari namoyish etilayotgan stend ishtirokchilarda katta qizqish uyg‘otmoqda.

– Ko‘rgazma juda yuqori saviyada tashkil etilgan, – deydi "Perlong medikal" kompaniyasi bosh menejeri Yuan Miao. – Bu yerda dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari o‘zlarining eng so‘nggi texnologiyalari bilan ishtirok etayotgani O‘zbekiston tibbiyotining o‘ziga xos salohiyatidan dalolat beradi. Biz bu tadbirga jahon ilm-fanining eng yangi ishlanmalari bilan keldik. Bir necha turdagi zamonaviy raqamli rentgen texnologiyalari, mammograf, stomatologiya va narkoz apparatlarimiz diagnostika va davolash ishlarida yuqori samaradorlikka ega. Ushbu vositalarimizdan O‘zbekistondagi qator shifo muassasalarida ham foydalanilmoqda. Ushbu tadbir yangi hamkorlar izlab topish, tajriba almashishda katta imkoniyat yaratadi.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimiga jahon ilm-fani yutuqlarini keng tatbiq etish barobarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ilm-fan yutuqlarini takomillashtirish va ulardan amaliyotda foydalanish ko‘lamini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida mahalliy farmatsevtika sanoati rivojlanmoqda.

«Nikofarm» korxonasi ana shunday yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biridir. 2006-yilda tashkil topgan korxona bugungi kunga kelib tibbiyotning turli yo‘nalishlarida qo‘llaniladigan yigirmaga yaqin farmakoterapevtik guruhlar bo‘yicha dori-darmon vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahalliy xomashyo asosida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotir. Masalan, 2016-yilda oltita ana shunday yangi fitomahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

«Zamona Ra’no» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan giyohchoylar ham salomatlikni asrashda muhim shifo vositasi sifatida tilga olinadi. Korxona menejeri Gulnora Odilxonovaning aytishicha, korxonaning ishlab chiqarish faoliyati yildan-yilga kengaymoqda. Bugungi kunda yuz xildan ko‘proq mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi o‘zlashtirilgan. Eksport hajmi va jo‘g‘rofiyasi tobora oshib borayotir. AQSh, Rossiya, Ukraina va boshqa davlatlarda korxona mahsulotlariga talab oshib borayotgani mamlakatimiz tibbiyot ilm-fani va farmatsevtika sanoatining o‘ziga xos salohiyatini namoyon etadi.

Tibbiyot texnikasi va uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari, xomashyo va texnologiyalar, stomatologiya uskunalari hamda estetik tibbiyotga oid stendlarni qamrab olgan ko‘rgazmada kasalliklarga aniq va chuqur tashxis qo‘yish, jarrohlik muolajalarini zamonaviy usullarda bajarishga ixtisoslashgan yuqori texnologiyalardan tortib laboratoriya-tahlil sohasida yaratilgan yangi ishlanmalar, neonatologiya, skrining xizmati, pediatriyaga oid ixtirolar, farmsanoat yutuqlari keng namoyish etilayotir.

«Osiyomedika» mas’uliyati cheklangan jamiyati taqdim etayotgan android tizimida ishlaydigan mikroskoplar, PSR tahlil apparatlari, immunoferment va biokimyoviy analizatorlar kasalliklarga yuqori aniqlikda erta bosqichda tashxis qo‘yish imkoniyatini beradi. Bir marta ishlatiladigan, sterillangan yangi qon tahlili vositasi qo‘llanilganda shpris yoki sanchqiga ehtiyoj qolmaydi.

Diagnostika sohasiga onkomarkerlarning kirib kelishi saratonning oldini olish va barvaqt aniqlash, inson salomatligini asrashda muhim omil bo‘ldi. Mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida bunday yangi texnologiyalarni keng qo‘llash borasida barcha imkoniyatlar mavjudligi, xorijdan yangi texnika va texnologiyalarni olib kirishga davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar tibbiyot taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma doirasida laboratoriya va diagnostika sohasida qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalardan foydalanishning samarali usullariga oid ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bahor Xidirova, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
1 422






Все о погоде - Pogoda.uz