Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2017 15:36 Chop etish versiyasi

Termizda “Biznes-ombudsman – tadbirkorlarning ishonchli himoyachisi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi vakillari, huquq-tartibot va nazorat qiluvchi organlar xodimlari, tadbirkorlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Yurtimizda tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilmoqda. Shunga muvofiq, qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan ziddiyat va noaniqliklarni tadbirkorlar foydasiga hal etish amaliyoti qo‘llanilayotgani xususiy sektor rivojiga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonuni tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari o‘rtasidagi samarali muloqotning yangi mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqaruvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat himoyasining qo‘shimcha kafolatlarini yaratdi.

– Mazkur qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil faoliyatining huquqiy asoslari va kafolatlari, asosiy prinsiplari, uning huquq va majburiyatlari, tadbirkorlik subyektlarining shikoyat va murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi belgilab berilgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi T.Norboyev. – Davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik tartibi, hisobdorligi va daxlsizlik huquqlari o‘z ifodasini topgan. Yangi qonun tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rag‘batlantirib, ularning huquqi va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlariga to‘liq barham beradi. Bularning barchasi milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirish, aholi bandligini hal etishga ko‘maklashadi, turmush darajasini yuksaltirib, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ayni paytda viloyatda 11 mingdan ortiq kichik biznes subyekti ro‘yxatga olingan. Ularning 1 ming 400 ga yaqini joriy yilda faoliyat boshladi. Yalpi hududiy mahsulotda sohaning ulushi qariyb 70 foizni tashkil etmoqda. Ish bilan band aholining 81,1 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarida mehnat qilayotir.

– Korxonamiz o‘z faoliyatini avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatishdan boshlagan, – deydi Sherobod tumanidagi “Zohid Abdulatif” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Mamadaminov. – Joriy yilda tijorat bankining kredit mablag‘lari yordamida xorijdan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatdik va non, non mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Xususiy sektorning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani bizni yanada ko‘proq izlanish, faoliyatimiz turini kengaytirishga undamoqda. Ish boshlagan dastlabki yilda korxonamizda uch kishi mehnat qilgan bo‘lsa, hozir o‘ndan ortiq yosh mutaxassis bandligi ta’minlangan. Yangi tashkil etilgan biznes-ombudsman institutining huquq va manfaatlarimizni ta’minlashga xizmat qilishi ham yurtimizda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik ifodasidir.

Seminarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. Tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 351






Все о погоде - Pogoda.uz