Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 16:53 Chop etish versiyasi

Tekshiruvlar qachon o‘tkaziladi?

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklash, ishbilarmonlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida barcha imkoniyatlar, imtiyoz va yengilliklar belgilab berilgan.

Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik subyektlarining erkin faoliyat yuritishlari hamda ular faoliyatiga asossiz aralashuvlarni qisqartirishning huquqiy kafolatlarini ta’minlovchi ushbu yo‘nalishdagi yana bir muhim hujjatdir.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan mazkur farmon bilan belgilangan yangi me’yorlar asosida 2017-yil 1-yanvardan muqobil tekshirishlar umuman bekor qilindi.

Shuningdek, tekshirishning yana bir shakli bo‘lgan rejadan tashqari tekshirishlarni tashkil etish tartibiga tadbirkorlar himoyasiga qaratilgan juda muhim o‘zgartirishlar kiritildi.

Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinib, yuridik shaxslar tugatilayotganda tekshirishlar o‘tkazilishi tartibi saqlanib qolindi, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari bo‘yicha berilgan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga binoan qisqa muddatli tekshirishlar o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunining10-moddasida tekshirishlar davriyligi, ya’ni:

– kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko‘pi bilan to‘rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko‘pi bilan uch yilda bir marta;

– xususiy banklar va boshqa xususiy moliya institutlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko‘pi bilan besh yilda bir marta amalga oshirilishi;

– yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyati ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshirishlardan o‘tkazilmasligi;

– aksiz to‘lanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyati, shuningdek, kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklarining byudjet hamda markazlashtirilgan mablag‘lar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bog‘liq moliya-xo‘jalik faoliyati ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran dastlabki ikki yil mobaynida rejali tekshirishlardan o‘tkazilmasligi;

– yuqorida ko‘rsatilgan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar moliya yili mobaynida muntazam ravishda to‘lanmagan taqdirda, rejali tekshirishlardan o‘tkazilishi mumkinligi to‘g‘risidagi aniq me’yorlar belgilangan.

Ushbu talablar asosida ishlab chiqilgan va Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi tasdiqlagan tekshirishlar reja-jadvalidan ko‘chirmalarni tadbirkorlik subyektlari “my.soliq.uz“ elektron soliq xizmatlari portalida ko‘rsatiladigan “Tekshirishlar reja-jadvalidan ko‘chirmalar” interaktiv xizmatidan foydalangan holda onlayn tarzida olishi, shuningdek, ushbu xizmatdan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining tekshirishlar.uz saytiga murojaat etgan holda foydalanishi mumkin.

Reja-jadvaldan ko‘chirma kalendar yili mobaynida rejali tekshiruv o‘tkaziladigan tadbirkorlik subyektlarining ro‘yxati, tekshiruvda ishtirok etadigan nazorat qiluvchi organlar (nazorat qiluvchi organning tarkibiy tuzilmasi ko‘rsatilgan holda) ro‘yxati, rejali tekshiruv o‘tkaziladigan muddat haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Prezidentimizning 2017-yil 18-iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bilan bog‘liq bir qancha yangi yo‘nalishlar, aniq vazifalar belgilab berildi.

Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining 19-bandida soliq nazoratini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish, jumladan, tadbirkorlik subyektlarida rejali tekshirishlar o‘tkazish uchun soliq to‘lovchilarni tanlab olish asoslarini aniqlashtirish vazifasi yuklangan.

Shunga binoan amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, rejali tekshirish o‘tkazish uchun tadbirkorlik subyektlarini tanlab olish asoslari takomillashtirilmoqda. Rejali soliq tekshiruvlariga tadbirkorlik subyektlarini tanlab olish uchun uning faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan kameral nazoratda ikki yoki undan ortiq marta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lishi lozimligi bilan bir qator qo‘shimcha asoslar, jumladan, soliq va majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmaganligi kabi talablar kiritilmoqda.

Ushbu me’yorlarning joriy etilishi rejali tekshirishlar o‘tkazish uchun soliq to‘lovchilarni tanlab olish tizimini takomillashtirishga, ular faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Erkin Jo‘rayev, 
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq
qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i,
Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi
Respublika kengashining kotibi.

O‘zA
2 259






Все о погоде - Pogoda.uz