Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 14:43 Chop etish versiyasi

Taxtako‘pirda "Agro kompleks Karakalpakstan" O‘zbekiston – Amerika qo‘shma korxonasi qurilishi boshlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani "Qaraoy" ovul fuqarolar yig‘ini hududida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Agro kompleks Karakalpakstan" O‘zbekiston – Amerika qo‘shma korxonasi qurilishi boshlandi.

Majmua loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan. Umumiy qiymati 3 million AQSh dollaridan iborat mazkur loyihaga 700 ming dollar xorijiy investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan.

Loyiha ikki bosqichdan iborat: 1-bosqichda xorijdan 700 bosh naslli qoramol, 2-bosqichda esa 2000 bosh naslli qo‘y keltiriladi.

Qo‘shma korxonaga ajratilgan 540,3 gektar yerning 386,8 gektari ekin maydoni uchun ajratilgan.

Loyiha ishga tushgach, aholining meva-sabzavot, go‘sht, sut mahsulotlariga, shuningdek, chorvaning omixta yemga bo‘lgan talabi shu joyning o‘zida qanoatlantiriladi.

Joriy yil noyabr-dekabr oylarida gidroponika texnikasi asosida issiqxonalar qurish, bug‘doy, sholi va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash maqsadida xorijdan zamonaviy uskunalar keltirish nazarda tutilgan.

Majmuada qoramol, qo‘y, echki boqish va tuyachilikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ayni paytda korxonada 20 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, majmua to‘liq ishga tushgach, 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Anvar Nasirlayev, O‘zA
8 415